Uz / Ўз Ru En

Toshkent

14/May/2020   Iqtisodiyot

Mozori Sharifda ochilgan yangi ishlab chiqarish tarmog‘i – O‘zbekiston – Afg‘oniston hamkorligining natijasi


MOZORI SHARIF, 14-may. /“Dunyo” AA/. Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida o‘simlik yog‘i ishlab chiqariladigan modulli korxonaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Taʼkidlash joizki, qayta ishlash uskunalari Afg‘onistonga O‘zbekistonning “Al-Taminot” korxonasi tomonidan yetkazib berildi.

Tadbirda Afg‘oniston moliya vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Xodi Argandevol, Balx viloyati hokimligi va afg‘on ishbilarmon doiralari vakillari, shuningdek, mahalliy jurnalistlar ishtirok etdi.

Abdul Xodi Argandevol Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklashga ko‘rsatayotgan ko‘magi uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama hamkorlik yuqori darajada rivojlanib borayotganini qayd etdi.

– Ana shunday qiyin vaziyatda bo‘lsa-da, ushbu ishlab chiqarish tarmog‘ining ochilishi O‘zbekistonning afg‘on xalqiga nisbatan do‘stona munosabatini yana bir bor namoyish qildi, – dedi vazir.

O‘z navbatida, Balx viloyati hokimi Isʼhoq Raxguzar O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda amalga oshirilayotgan turli infratuzilmaviy loyihalarga to‘xtalib, ularning Afg‘oniston iqtisodiyotini tinch va barqaror rivojlantirishdagi o‘rnini yuqori baholadi.

Maʼlumot o‘rnida, mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha “Amaliy chora-tadbirlar rejasi” o‘tgan yilning iyul oyida “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi Moliya vazirligi boshqarmasi o‘rtasida imzolangan edi.

Hujjatda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Afg‘onistonda mavjud uchta yog‘-moy korxonasini modernizatsiya qilish, qayta taʼmirlash hamda yangilarini barpo etish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirlig...

Kecha Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari ...

Toshkent shahar hokimligida Turkiya bila...

Kecha Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ol...

O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiy...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni ...

So`nggi yangiliklar