07/Iyun/2023 Prezident saylovi-2023
TOSHKENT, 7 iyun. /“Dunyo” AA/. Toshkentda Markaziy saylov komissiyasining (MSK) O‘zbekiston Prezidenti saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
MSK maʼlumotiga ko‘ra, majlis davomida kamissiya aʼzolari tartibidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Saylov qonunchiligi talablariga muvofiq, O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod MSK tomonidan ro‘yxatga olingandan so‘ng uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinadi. Nomzodning ishonchli vakillariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.
Ishonchli vakillar Prezident lavozimiga nomzodga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam beradi, uning saylanishi uchun tashviqot olib boradi, davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan bo‘ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.
Shuningdek majlisda, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida MSK huzurida tezkor axborot berish markazi tashkil etish yuzasidan qaror qabul qilindi va tegishli Nizom tasdiqlandi.
“Call-center”ning asosiy vazifasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida fuqarolar bilan real vaqt rejimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, saylov komissiyalari faoliyati, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishning barcha bosqichlari haqida to‘liq va ishonchli axborotni fuqarolarga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berish orqali yetkazish, shuningdek, saylovchilarning ovoz berish va murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlari so‘zsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish, fuqarolarning saylov qonunchiligi va saylov jarayonlaridan xabardorlik darajasini oshirishdan iborat.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan YEXHT DIIHBning 12 nafar saylovni kuzatuvchi missiyasi vakillari MSKning qarori bilan akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
MSKga kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, 39 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining 139 nafar vakili akkreditatsiya qilindi. Shu bugunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 229 nafarni tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 5 iyun kuni MSK siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga oldi.