08/Fevral/2023 Sanalar
OQTOV, 8-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Oqtov shahridagi Bosh konsulxonasida buyuk ajdodlarimiz – Mir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan kunning 540 yilligiga bag‘ishlangan «Navoiy va Bobur – do‘stlik va muhabbat kuychilari» mavzusida maʼrifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Oqtov shahridagi “Paxtakor” o‘zbek etnomadaniy birlashmasi faollari, Mang‘istau viloyatida vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan va Yesenov nomidagi Kaspiy davlat texnologiyalar va injiniring universitetida tahsil olayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi.
Buyuk ajdodlarimiz Navoiy va Bobur hayoti hamda serqirra ijodi, bebaho merosi, ularning o‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritildi.
“Paxtakor” o‘zbek etnomadaniy birlashmasi raisi Rustam Tillayev Navoiy va Bobur ijodi haqida fikr yuritar ekan, ularning asarlarida maʼnaviy poklik, xalqparvarlik, bag‘rikenglik va maʼrifatparvarlik g‘oyalari bosh mavzular bo‘lgani, buyuk bobokalonlarimiz kelajak avlodlarga beqiyos badiiy-falsafiy va ilmiy-maʼnaviy meros qoldirganini taʼkidladi.
Kaspiy davlat texnologiyalar va injiniring universitetida tahsil olayotgan Shoxrux Allayarov va vatandoshimiz Marina Auyezimbetova tomonidan o‘qib berilgan Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub g‘azal va ruboiylar yig‘ilganlar tomonidan samimiy kutib olindi.
Tadbir ishtirokchilariga o‘zbek tilidagi elektron kitoblar to‘plami taqdim etildi.