27/Yanvar/2021 Sayyohlik
TOSHKENT, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. Qozog‘iston delegatsiyasi Navoiy viloyatida bo‘lib, hududning turistik salohiyati bilan yaqindan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, mehmonlar Nurota tumanidagi “Chashma” kompleksi va qozoq xalqining buyuk ajdodlaridan biri bo‘lgan «Aytekiy biy» ziyoratgohi, Konimex tumani «Konimex ekopark» dam olish maskaniga hamda Karmana tumanidagi «Mavlono Orif Deggoroniy», “Qosim-Shayx”, «Mirsaid Bahrom», Qiziltepa tumanining «Tosh masjid» kabi madaniy meros obyektlari tashrif buyurdi.
Shundan so‘ng, Navoiy viloyati hokimligida O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi hamkorligida Qozog‘iston «Kazakh Tourizm» milliy kompaniyasi va Qozog‘iston Turizm assotsiatsiyasi bilan viloyatda ziyorat turizmini rivojlantirishga doir hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tadbir doirasida Navoiy viloyatida hamda Qozog‘istonda faoliyat olib borayotgan yirik sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik kelishuvlariga erishilib, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida ham memorandumlar imzolandi.
Kelishuvlardan ko‘zlangan maqsad viloyatning mavjud turizm imkoniyatlarini Qozog‘iston OAVda keng targ‘ib etish, hududga sayyohlar oqimini oshirish, ikki tomonlama doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, birgalikda tadbirlar o‘tkazish, Navoiy viloyati va Qozog‘istonning faol yoshlari o‘rtasida xalqaro yoshlar forumi tashkil etish, qozoq kino ustalari ishtirokida hududning tarixiy maskanlari va «Aytekiy Biy» ziyoratgohi to‘g‘risida xujjatli film suratga olishdan iborat.