Uz / Ўз Ru En

Toshkent

18/Mart/2021   Madaniyat

Navro‘z - qardosh xalqlarning umumiy qadriyati


TOSHKENT, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Navro‘z asrlar osha nishonlab kelinayotgan boy qadriyatlar va urf-odatlar bayrami hisoblanadi. Ushbu bayramda xalqimizning o‘zaro mehmondo‘stlik, mehr-oqibat, saxovatpeshalik va bag‘rikenglik xislatlari namoyon bo‘ladi. Bayram munosabati bilan yurtimizning barcha go‘shalarida xalq sayillari, milliy o‘yinlar musobaqasi, folklor jamoalarining aytishuvlari va laparlar uyushtiriladi. Navro‘z tom maʼnoda xalqimizning boy urf-odatlari va qadriyatlari beshigidir.

Navro‘z Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, Kichik Osiyo va Kavkazorti mamlakatlarida ham keng nishonlanadi. Bayramning o‘ziga xosligi, uning nishonlanish tarixi haqida yana-da ko‘proq maʼlumotga ega bo‘lish maqsadida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy o‘qituvchilar va tahsil olayotgan talabalar fikrlari bilan qiziqdik.

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida talabalarga fors tilidan taʼlim berayotgan eronlik o‘qituvchi Sima Abbosi o‘z fikr va mulohazalarini quyidagicha bayon qildi:       

- Navro‘z bayrami Eronda farvardin oyining birinchi kuniga to‘g‘ri keladi, - dedi Sima Abbosi. - Bu kun mamlakatimizda yangi yilning boshlanishi hisoblanadi. Shamsiy yil hisobi bo‘yicha farvardinning birinchi kuni, yaʼni Navro‘z Ormazd yoki Hormoz kuni deb nomlangan.

Qadimgi eronliklar Navro‘zni yangi yilni anglatuvchi «Nava serda» nomi bilan ham atashgan. Navro‘z bayrami qator marosimlardan iborat. Ulardan biri “Alfa” marosimi hisoblanadi. “Alfa”, asosan, Xurosonda (Eronning shimoli-sharqiy viloyati) qabriston va masjidlarda o‘tganlar ruhiga hurmat bajo keltirish va ularni yod etish shaklida o‘tkaziladigan marosim hisoblanadi. Bu anʼana jarayonida dasturxonga sutli non, qutab, gamak va boshqa neʼmatlar tortiladi, yig‘ilganlar olov ustidan sakrab poklanadi.

Eronda «uy silkitish» deb nom olgan urf ham mavjud. Unga ko‘ra, uydagi barcha jihozlar va mebel changdan tozalanadi va yuviladi. Qadim zamonlardan beri olov yoqish marosimi ham mavjud bo‘lib, ushbu odat Eron, Ozarbayjon va Afg‘onistonning ayrim hududlarida saqlanib qolgan va yilning so‘nggi chorshanbasi (chorshanbaye suri)da amalga oshiriladi. Bayram dasturxonini tuzatish ham muhim udumlardan biri bo‘lib, dasturxonga sarimsoq, tanga, sumalak va boshqa ramziy buyumlar qo‘yiladi. Mehmondo‘stlik ramzi sifatida yong‘oq, anʼanaviy va zamonaviy shirinliklar tortiladi.

O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi turkmanistonlik Ramazon Amanov turkman xalqining Navro‘z bilan bog‘liq qadriyatlari haqida so‘zlab berdi.

 - Turkmanlar ham Navro‘zni milliy bahor bayrami sifatida o‘zgacha ko‘tarinki ruhda nishonlaydi, - dedi u. - Har yili davlatimiz tomonidan Navro‘z bayramiga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘riladi. Bu yil ham shunday bo‘lmoqda.

Navro‘zda turli xil milliy taomlar tayyorlanadi va anʼanaviy sport o‘yinlari, ayniqsa, ot chopish musobaqalari o‘tkaziladi. Bu bayram xalqimiz hayotida ezgulik va qut-baraka timsoli sifatida muhim o‘rin tutadi.

Dilshod Abdusalomov,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi

Mavzuga oid

Janubiy Koreyalik talabalar ishtirokida ...

Xankuk xorijiy tillar universiteti professor-o‘qituvchilari, o‘zbek tilini o‘rganayotgan J...

Nagoya «Toshkent kunlari»ga tayyorgarlik...

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirzi...

Toshkentda "Shum bola - 2020" xalqaro ki...

Toshkentdagi "Humo Arena" sport majmuasida "Shum bola - 2020" bolalar va o‘smirlar VII kin...

So`nggi yangiliklar