25/Mart/2023 Jamiyat
MINSK, 25-mart. /“Dunyo” AA/. Belarus Milliy texnika universitetida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbir O‘zbekiston, Tojikiston, Turkiya va Mo‘g‘uliston diplomatiya vakolatxonlari hamda Belarusda tahsil olayotgan xorijlik talabalar ishtirokida o‘tkazildi. Unda 500 nafarga yaqin ishtirokchilar hamda mahalliy jamoatchilik vakillari hozir bo‘ldilar.
Mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasi vakili o‘zining tabrik nutqida Navro‘z bayramining tarixi va uning tarovati, xalqimizning asriy anʼanalarga sodiqligi, ushbu ayyomning mamlakatimiz hududlarida nishonlanishining o‘ziga xos jihatlari haqida atroflicha to‘xtakldi.
Navro‘z bayrami O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligi munosib nishonlanayotgan pallaga to‘g‘ri kelgani ham qayd etilgani barobarida o‘tgan davr davomida ikki davlat o‘rtasida yuqori darajada ishonch o‘rnatilgani hamda ikki tomonlama hamkorlikning zarur mexanizmlari yaratilgani holda yaqin hamkorlik izchil davom etayotgani alohida taʼkidlandi.
Tadbirning madaniy qismida konsert dasturi namoyish qilindi. Talaba yoshlarimiz vatanga muhabbat, yangilanish fasli haqida kuy-qo‘shiqlar hamda o‘zbek milliy raqslarini ijro etdilar.
Bayram tantanalari turli sport va oshpazlar musobaqalari bilan davom etdi.