Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Yanvar/2021   Media

«New Delhi Times»: O‘zbekiston Prezidentining iqtisodiy islohotlari o‘z samarasini bermoqda


DEHLI, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. Hindistonning yetakchi gazetalaridan biri - «New Delhi Times» veb-sahifasida bosh muharrir Ankit Shrivastavaning «Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik davri O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab berdi» sarlavhali maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallif Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylangandan beri mamlakat nafaqat mislsiz keng qamrovli rivojlanish davrini boshdan kechirayotgani, balki Markaziy Osiyoda yetakchi kuchga aylanib, xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustahkamlaganini taʼkidlagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z lavozimiga kirishganidan beri demokratiyani rivojlantirish va iqtisodiy o‘sishga qaratilgan izchil va dadil qarorlarni qabul qildi. Nashr O‘zbekiston rahbarining qarashlari uning «Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan so‘zlarida aniq o‘z ifodasini topganiga eʼtibor qaratgan.

«O‘zbekiston Prezidentining iqtisodiy islohotlari ijobiy natijalar bermoqda. COVID-19  pandemiyasi jahon iqtisodiyotiga jiddiy taʼsir qilgan bo‘lsada, mamlakatda ijobiy o‘sish surʼatlari kuzatildi, - deya taʼkidlaydi Ankit Shrivastava. - 2020 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning real o‘sishi 0,2 foizni tashkil etdi. Jahon banki O‘zbekistonda YAIM o‘sishi 2021 yilda 4,3 foiz va 2022 yilda 4,5 foizni tashkil etishini taxmin qilmoqda».

Gazetada yozilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini, ayniqsa, Markaziy Osiyodagi mintaqadagi mavqeini  yuksaltirdi. COVID-19 pandemiyasi paytida u infeksiya tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni ishlab chiqishda peshqadamlik qildi. O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatdi.

Muallif O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga sodiqligini taʼkidlagan. Davlat rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif qildi, deb qayd etiladi materialda.

Maqolada O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, BMTning Global antiterror strategiyasi doirasidagi Mintaqaviy qo‘shma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlashi haqida maʼlum qilingan.

O‘zbekistonning ushbu taklif va tashabbuslari Markaziy Osiyo davlatlarining nafaqat iqtisodiy va mintaqaviy mavqeini, balki mintaqa xavfsizligini ham mustahkamlaydi.

«O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqaviy xavfsizligidagi mavqei xalqaro darajada mustahkamlanib bormoqda», - deb xulosa qilgan gazeta bosh muharriri.

Mavzuga oid

Yaponiyaning “Fugaku” superkompyuteri bi...

Yaponiyaning Tabiiy fanlar davlat institutining (Riken) “Fugaku” superkompyuteri dunyodagi...

Onlayn-sammit natijalari Janubiy Koreya ...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Innin...

O‘zbekiston Osiyo mamlakatlarini COVID-1...

Xitoydagi eng nufuzli kundalik nashrlardan biri «Jenmin Jibao» gazetasining veb-sahifasida...

So`nggi yangiliklar