30/Mart/2023 Konstitutsiyaviy islohotlar
ANQARA, 30-mart. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning “Demiroren” axborot agentligi tasarrufidagi www.dha.com.tr, www.ntv.com.tr va boshqa bir necha ommabop saytlar sahifalarida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan AQSHning Nyu-York shahrida tashkil etilgan Xalqaro suv konferensiyasi tafsilotlariga bag‘ishlangan “Ilgari dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l bo‘lgan Orol dengizini tiklash ishlari olib borilmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda ushbu anjumanda nutq so‘zlagan O‘zbekiston vakili ilgari dunyodagi 4-yirik ko‘l bo‘lgan va suvlariga global isish kabi ekologik muammolar taʼsir ko‘rsatgan Orol dengizi atrofida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqidagi atroflicha maʼlumotlarni taqdim etgani qalamga olingan.
“O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva 22-24 mart kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro suv konferensiyasida qatnashib nutq so‘zladi. Uning taʼkidlashicha, vaqt o‘tishi bilan Orol dengizi global isish va shunga o‘xshash ekologik omillar tufayli kema qabristoniga aylangan”, deb yozadi Turkiya ommaviy axborot vositalari.
Maqolada O‘zbekiston hukumati tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini moliyalashtirish, uning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, mahalliy aholi farovonligini oshirish, mintaqada yashil bog‘lar barpo etish uchun 14 million dollardan ortiq byudjet mablag‘i ajratilgani ham maʼlum qilingan.
“O‘zbekiston vakili o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbus natijasi o‘laroq, BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi 75-sessiyasida «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinganini taʼkidladi. U xalqaro hamjamiyatni O‘zbekistonning Orol dengizini qutqarish yo‘lidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi”, deb yozadi turk ommabop saytlari.