02/Dekabr/2022 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
NYU-YORK, 2 dekabr. /«Dunyo» AA/. Nyu-York shahrida «Do you know Uzbekistan?» («Siz O‘zbekistonni bilasizmi?») mavzusida aksiya o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uning doirasida Nyu-York shahri mehmonlari va aholisiga O‘zbekiston, jumladan, uning jo‘g‘rofiy joylashuvi, tarixiy shaharlari va diqqatga sazovor joylari, buyuk allomalar, jahon sivilizatsiyasi rivojiga katta hissa qo‘shgan mutafakkirlar haqida savollar berildi.
Bruklin ko‘prigi, 911 yodgorlik majmuasi va Uoll-stritdagi «Hujum qilayotgan buqa» monumenti maydonlarida o‘tkazilgan so‘rovlar davomida aksiya ishtirokchilariga O‘zbekiston, jumladan, xorijiy sayyohlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida qo‘shimcha ma’lumotlar berildi. Aksiyada faol qatnashganlarga esdalik sovg‘alari va «O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun 12 ta sabab» broshyurasi taqdim etildi.
Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, O‘zbekiston haqida ko‘p qirrali ma’lumot berishga qaratilgan bunday tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi xorijiy jamoatchilikning mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.