18/Iyul/2020 Iqtisodiy diplomatiya
PEKIN, 18-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elektrotexnika tarmog‘ida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish jarayoniga Xitoydan sarmoyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga qaratilgan saʼy-harakatlar doirasida O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi tomonidan XXR Uskunalar va elektron buyumlar importi va eksporti bo‘yicha savdo palatasi (CCCME) prezidenti Chjan Yuyszin bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Shuhrat Umirov.
Chjan Yuyszin O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va boshqa sohalarda strategik sheriklik munosabatlari jadal ravnaq topayotganini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, O‘zbekiston CCCMEga aʼzo korxonalarning diqqat markazida turgan ustuvor mamlakatlardan biri bo‘lib qolmoqda.
— Bugungi kunlarda mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va boshqa sohalardagi hamkorligini yana-da rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan katta imkoniyatlar mavjud, — dedi u. — Shuni nazarda tutgan holda, ishbilarmon doiralar darajasida o‘zaro aloqalarni yana-da faollashtirish masalasi dolzarblik kasb etmoqda.
Uchrashuv chog‘ida elchixona tomonidan “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan ishlab chiqilgan elektron bosma platalar, turli quvvatlardagi elektrodvigatellar, fotoelektr panellari, kompyuter va ofis texnikalari, maishiy texnikalar uchun kompressorlar, o‘zgaruvchan elektr energiyasiga mos generatorlar ishlab chiqarishni ko‘zda tutadigan loyihalar taqdim etildi.
Shuningdek, maishiy va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan O‘zbekiston – Xitoy texnologik sanoat parkini barpo etish taklifi o‘rtaga tashlandi.
Tomonlar “O‘zeltexsanoat” uyushmasi va ushbu savdo palatasi, ikki mamlakatning manfaatdor korxonalari vakillari ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan onlayn-muzokaralarni muntazam tarzda o‘tkazib turishga kelishib oldi.
Mazkur tadbir Xitoy ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritildi. Xususan, mamlakatda eng ommabop “Weixin” (“Vichat”) ijtimoiy tarmog‘ida «Chjan Yuyszin O‘zbekiston elchisi bilan uchrashdi» sarlavhali material eʼlon qilindi.
Maqolada O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va boshqa sohalarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari jadal ravnaq topayotgani, o‘zaro hamkorlikni yana-da kengaytirish, birgalikda istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari haqida maʼlumotlar keltirilgan.