24/Dekabr/2022 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 24-dekabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Tokio shahrida “Markaziy Osiyo+Yaponiya” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasida transport bog‘liqligi, logistika, sanoat kooperatsiyasi, sog‘liqni saqlash, taʼlim va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida ikki va ko‘p tomonlama shakllardagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o‘z nutqida Yaponiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini taʼminlashda ishonchli hamkor ekanligini, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotini sanoat va infratuzilma modernizatsiyasiga salmoqli hissa qo‘shayotganini taʼkidladi.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yangi siyosiy muhit shakllangani, ko‘plab masalalar hal etilgani, iqtisodiy hamkorlik kengaytirilgani, insonlar o‘rtasida erkin muloqot uchun sharoit yaratilgani alohida qayd etildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2016 yildan 2021 yilgacha O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobarga oshib, 6,4 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish, jumladan, “Markaziy Osiyo+Yaponiya” biznes-muloqotini o‘tkazish, Yaponiya nou-xau va investitsiyalarini joriy etish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, transport tizimini raqamlashtirish, barqaror energiya taʼminoti, “yashil” kun tartibini ilgari surish, tibbiyot muassasalari va korxonalarini yaratishda Yaponiyadan grant mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha tashabbuslar eʼlon qilindi.
Kadrlar malakasini oshirish, migratsiya, turizm, madaniyat sohalarida hamkorlikni faollashtirish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.