27/Yanvar/2021 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston va Fransiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning 12-raundi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlum qilishicha, tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov va Fransiya Tashqi ishlar vazirligining Kontinental Yevropa departamenti direktori Frederik Mondoloni rahbarlik qildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlikning holati va rivojlanish istiqbollari, siyosiy muloqot hamda parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy-texnikaviy aloqalarni mustahkamlash, madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish, yetakchi madaniy, taʼlim va tibbiyot muassasalari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish va mustahkamlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.