Uz / Ўз Ru En

Toshkent

19/Yanvar/2022   Dolzarb

O‘zbekiston – O‘mon hukumatlararo komissiyasining to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tdi

MASKAT, 19 yanvar. /“Dunyo” AA/. Kecha Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – O‘mon hukumatlararo komissiyasining to‘rtinchi majlisi videokonferensiya vositasida bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


 Mamlakatimizning O‘mondagi elchixonasidan olingan maʼlumotlarga qaraganda, majlisga  O‘zbekiston  investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev va O‘mon  tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Shayx Xalifa bin Ali Al-Xarisiylar hamraislik qildi.

Tadbirda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya, turizm, fan-taʼlim, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar mehnat migratsiyasi va aholini ijtimoiy himoya qilish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni taʼminlash, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlarni yana-da rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

O‘mon  tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Shayx Xalifa bin Ali Al-Xarisiy o‘z nutqida ushbu tadbirni onlayn tashkil etish tashabbusi uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirar ekan, koronavirus pandemiyasi davrida o‘zaro uchrashuvlarni ushbu formatda o‘tkazish muhimligini taʼkidladi.

Shayx Xalifa bin Ali Al-Xarisiy bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish turli sohalardagi aloqalarni faollashtirish, tomonlarni qiziqtirgan sohalarda amaliy hamkorlik darajasini oshirish uchun yaxshi platformaga aylanishiga ishonch bildirdi.

-Iqtisodiy sohadagi aloqalarni rivojlantirishda bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklik borasidagi mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanilmayapti, - dedi O‘mon  tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari. – Ayni paytda O‘mon hukumati mamlakatni yana-da rivojlantirishga qaratilgan «Nazar 2040» strategiyasiga muvofiq, dunyoning barcha davlatlari bilan iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston bilan ham sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirish va ikki tomonlama qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni taklif qilaman.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Shuhrat Vafoyev O‘zbekiston va O‘mon o‘zaro manfaatli, teng huquqli va sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlash va kengaytirishga katta ahamiyat berishi lozimligini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni yana-da rivojlantirish ikki do‘st mamlakat manfaatlariga mos keladi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini, jumladan, ikki tomonlama hukumatlararo komissiya faoliyati doirasidagi ishlarni izchil davom ettirishga kelishib olindi.

Mavzuga oid

Maktablarni rivojlantirish Milliy dastur...

O‘zbekiston Prezidentining «Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqi...

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Res...

Muhim xalqaro tadbirni tashkil etish va o‘tkazish jaryonlarini o‘z vaqtida yoritish va tar...

Qirg‘izistondan munosabat: Dunyo mamlaka...

O‘zbekiston Prezidentining Pekinda bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlari ochilish marosi...

So`nggi yangiliklar