Uz / Ўз Ru En

Toshkent

05/May/2021   Iqtisodiyot

O‘zbekiston – Tojikiston iqtisodiy aloqalari rivojlanmoqda


TOSHKENT, 5-may. /«Dunyo» AA/. «So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari jadallik bilan rivojlanib strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bu ikkitomonlama aloqalar tarixida yangi sahifa ochilgani, sheriklik munosabatlari esa sifat jihatidan yanada yuqori darajaga olib chiqilganligi va amaliy mazmun bilan boyitilganligidan dalolat beradi», deb qayd etadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiyetakchi ilmiy xodimi Bekzod Rajabov «Dunyo» AA uchun yo‘llagan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning bugungi holatiga bag‘ishlangan sharhida.

«Buning yaqqol isboti sifatida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo aloqalarining yangi bosqichga ko‘tarilganligini ko‘rsatish mumkin. Xususan, 2020 yilda ikkitomonlama tovar aylanmasi 502 million dollarga yetdi, shu jumladan, eksport – 404,5 million dollar, import – 97,3 million dollar. Bu 2017 yilga nisbatan ikki barobarga ko‘p va so‘nggi 20 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. E’tiborli jihati shundaki, og‘ir pandemiya sharoitida ham (2020 yil) savdo aloqalarining o‘sish jarayoni saqlab qolindi va 5% ni tashkil etdi.

Ta’kidlash kerakki, iqtisodiy hamkorlikning jadallik bilan rivojlanishida, eng avvalo, ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan muloqotning o‘rnatilganligi, hamda ularning diqqat markazida turganligi muhim o‘rin tutmoqda.

Jumladan, 2016 yil sentyabr oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajarishga kirishgan ilk kunlaridanoq qo‘shni Tojikiston bilan barcha jabhalarda hamkorlikning yanada rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Bunga yaqqol misol sifatida O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining 2016 yil 27-28 dekabr kunlari Savdo va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida ishtirok etish maqsadida Dushanbe shahriga tashrif buyurganini ham ko‘rsatish mumkin.

Aynan ushbu tashrif davomida tomonlar iqtisodiyot, savdo, transport-kommunikatsiya va energetika sohalaridagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari to‘g‘risida fikr almashdi hamda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash va barcha sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishib oldi.

2018 yil esa ikki tomonlama munosabatlar tarixida g‘oyat muvaffaqiyatli bo‘ldi. Ushbu yil davomida turli darajalarda ellikdan ortiq uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 54 ta hujjat imzolandi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning to‘rtta majlisi o‘tkazildi.

E’tiborli jihati shundaki, aynan 2018 yildan boshlab Hukumatlararo komissiya bosh vazir darajasida o‘tkazilishi boshlandi, holbuki bu davrga qadar ushbu mexanizmni boshqarish bosh vazir o‘rinbosari zimmasida edi. Ushbu qaror Komissiya faoliyatini aktivlashishiga va uning har ikki taraf manfaatlarini ifodalovchi kompleks masalalarni hal qilishda samarali vositaga aylanishiga olib keldi. Joriy yilning 14-15 may kunlari ushbu komissiyaning navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.

Ta’kidlash kerakki O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yilning 9-10 mart kunlari Tojikistonga amalga oshirgan davlat tashrifi o‘zbek-tojik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tardi, iqtisodiy hamkorlikda yangi sahifa ochdi. Tashrif davomida savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit hamda boshqa bir qancha sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir 27 hujjat imzolandi. Tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishga kelishib olindi.

Bundan tashqari ushbu tashrif doirasida Dushanbeda o‘zbekistonlik ishbilarmon doiralar ishtirokida ko‘rgazma tashkil etildi. Birgina ushbu ko‘rgazmada o‘zbekistonlik korxonalar 60 turdagi uskunalar, qurilish materiallari, elektrotexnika sanoati mahsulotlari, kimyoviy va mineral o‘g‘itlar, farmatsevtika, oziq-ovqat, charm sanoati, mebel va uy-ro‘zg‘or buyumlarini namoyish etdi.

Tojikiston rahbari E.Rahmonning ko‘p o‘tmay, 2018 yilning 17-18 avgust kunlari, Toshkent va Samarqandga qilgan tashrifi esa hamkorlikning strategik yo‘nalishlarini belgilab olishda muhim qadam bo‘ldi. Xususan sanoat, standartlash va sertifikatlash, chegaradan o‘tkazish, ta’lim hujjatlarini tan olish, geodeziya va geologiya, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir 27 ta hujjat imzolandi.

Iqtisodiy hamkorlikning rivojlanib borayotganining yana bir muhim omili – o‘zbek va tojik ishbilarmon doiralari o‘rtasida «B2B» formati doirasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va qulay biznes muhitini shakllantirishga bo‘lgan yuksak e’tibordir. Bu 2017, 2018 va 2020 yillarda ikki davlat ishbilarmonlari ishtirokida muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan biznes-forumlarda ham o‘z aksini topmoqda. Bu kabi tadbirlarda O‘zbekiston va Tojikistondan 300 ga yaqin tadbirkor ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari o‘tgan qisqa fursat mobaynida Tojikistonda O‘zbekistonning 6 ta savdo uyi ochildi. Toshkentda ham Tojikistonning savdo uyi ish boshladi. Qo‘shimchasiga, ikki davlat savdo va sanoat palatalari o‘rtasida O‘zbekiston-Tojikiston ishchi kengashini tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bugungi kunda bu Kengash savdo hajmini kengaytirish uchun yangi yo‘llar izlamoqda.

Natija esa uzoq kuttirmadi. 2020 yilga kelib Tojikistonga oziq-ovqat eksport hajmi 2017 yilgi 7 million dollardan

57 million dollarga, trikotaj – 5 million dollardan

35 million dollarga, neft mahsulotlari – 1 million dollardan 38 million dolllarga oshdi.

Aytish lozimki, O‘zbekiston Tojikiston iqtisodiyotida qiziqish uyg‘otishi mumkin bo‘lgan yetarli darajadagi oziq-ovqat va sanoat tarmoqlariga ega bo‘lib, kelajakda farmatsevtika, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, kiyim-kechak va to‘qimachilik hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish mumkin.

Alohida e’tibor hududlararo iqtisodiy hamkorlik va savdo aloqalarini rivojlantirishga qaratilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyati bilan Xatlon viloyati, Samarqand viloyati bilan So‘g‘d viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik to‘g‘risida bitimlar qabul qilindi. 2018 yil aprel oyida Samarqand shahrida So‘g‘d viloyati ishbilarmon doiralari ishtirokida sanoat yarmarkasi o‘tkazildi. Birinchi marta o‘tkazilgan mazkur sanoat yarmarkasi ikki qo‘shni viloyatlarning ishbilarmonlari o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya aloqalarini bog‘lashga va uni mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir doirasida ikki viloyat tadbirkorlari o‘rtasida 20 ga yaqin biznes va hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Shuningdek O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi mavjud 17 ta chegara-nazorat punktlarining barchasi to‘liq faoliyat ko‘rsata boshladi. Tojikiston fuqarolari uchun esa O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilindi. O‘z navbatida, bu kabi tadbirlar ikki davlat chegaralarining «do‘stlik ko‘prigiga» aylanayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlarining iqtisodiy sohada rivojlanishining yana bir muhim sababi bu – samarali kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishdir. Ta’kidlash kerakki, 2016 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston hududida tojik kapitali ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 8 barobarga, ya’ni 25 tadan 202 taga ko‘paydi. E’tiborli jihati, ularning 50% dan ko‘prog‘i qo‘shma korxonalardir.

BMT ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi samarali kooperatsiya aloqalari 10 yil mobaynida mintaqaviy yalpi ichki mahsulotni kamida ikki barobar oshirish imkonini beradi.

Bundan tashqari Tojikiston va O‘zbekiston umumiy transport-kommunikatsiyaviy imkoniyat va tranzit salohiyatidan to‘la foydalanishga alohida ahamiyat bermoqda. Bunga yaqqol misol sifatida 2018 yilda «Toshkent – Xo‘jand», «Samarqand – Panjikent», «Denov – Dushanbe» va «Termiz – Dushanbe» yo‘nalishlarida muntazam avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilganini keltirish mumkin.

Shu bilan bir qatorda, 2017 yilda Toshkent va Dushanbe o‘rtasida aviaqatnovlar qayta tiklangandi. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Tojikistonga parvozlar sonini uch barobarga, ya’ni 60 tadan 208 taga oshirdi.

2018 yilda esa «G‘alaba-Amuzang» yo‘nalishi orqali o‘tuvchi temir yo‘l tarmog‘i ham qayta tiklandi. Natijada 2017-2019 yillarda avtotransport orqali yuk tashish hajmi 60%, havo orqali yuk tashish hajmi esa 2,6 barobarga oshdi.

Muxtasar qilib aytganda, bugun ikki mamlakat rahbarlari ko‘p tomonlama iqtisodiy sherikchilikni izchillik bilan rivojlantirish va mustahkamlash uchun qat’iy xohish, shuningdek, yangi marralarni yelkama-yelka turib zabt qilishga bo‘lgan intilishni namoyon etmoqdalar.

Shubhasiz, ikki davlat tomonidan iqtisodiy va savdo aloqalarini yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, aholining ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu esa eng avvalo, Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan, qardosh o‘zbek va tojik xalqlarining farovon hayot kechirishini ta’minlash maqsadida do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini shakllantirishda muhim o‘ringa egadir».

Mavzuga oid

Chin yurti vakillari O‘zbekiston – Xitoy...

Mamlakatimiz elektrotexnika tarmog‘ida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun Xitoyd...

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari ...

Kecha qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xalqaro kom...

Buxoro neftni qayta ishlash zavodini qay...

«SK Engineering & Construction» neft-kimyo va energetika sanoatida loyihalash va qurish bo...

So`nggi yangiliklar