Uz / Ўз Ru En

Toshkent

10/May/2022   Ta'lim

O‘zbekiston 56-xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasiga mezbonlik qilmoqda

TOSHKЕNT, 10-may. /«Dunyo» AA/. Bugun poytaxtimizda 56-xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi  boshlandi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.


Prezident ta’lim muassasasalari agentligi tomonidan 10-16 may kunlari  tashkil etilayotgan xalqaro olimpiadada Avstriya, BAA, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Vengriya, Xorvatiya, Suriya, Qirg‘iziston, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Isroil, Ozarbayjon, Armaniston kabi 20 ga yaqin davlat vakillari ishtirok etmoqda. 

Olimpiada asosan uch bosqichdan iboratdir. Birinchi bosqichda kimyo fanidan 8 ta nazariy masalalar yechish ko‘zda tutilgan. Ikkinchi bosqichda kimyo fanidan 15 ta nazariy masalalar ishlanib, bunda ishtirokchi 15 ta masalaning 5 tasini ixtiyoriy tanlab oladi. Uchinchi bosqichda kimyo fanidan 5 ta amaliy laboratoriya o‘tkaziladi. 

Ishtirokchilarning to‘plagan yakuniy natijalari umumlashtiriladi hamda umumiy natija asosida olimpiada g‘oliblari aniqlanadi. Jami ishtirokchilarning 10 foiziga oltin, 20 foiziga kumush va 30 foiziga bronza medallari taqdim etiladi.

Ushbu olipiadada O‘zbekiston sharafini 12 nafar o‘quvchi  himoya qiladi. Ularning 7 nafari Agentlik tizimidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil oladi. 

Ma’lumot uchun,  Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi 1948 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyodagi eng yoshi ulug‘ va nufuzli olimpiada hisoblanadi. Ushbu olimpiada har yili turli davlatlarda o‘tkaziladi. 30 ga yaqin davlat mazkur olimpiadada ishtirok etadi. 

O‘zbekiston yoshlari ushbu olimpiadada 2008 yildan boshlab qatnashib kelmoqda. 2008-2020 yillar davomida O‘zbekiston ishtirokchilari tomonidan jami 84 ta medal qo‘lga kiritilgan. 

Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi – yuqori sinf o‘quvchilarining dunyodagi eng katta bellashuvlaridan biri bo‘lib, turli davlatlar milliy olimpiadalari g‘oliblarini birlashtiradi. Bu UNESCO tomonidan kimyo bo‘yicha maktab o‘quvchilari uchun xalqaro olimpiadaga tenglashtirilgan  yagona fan olimpiadasidir

Ushbu olimpiadaning ahamiyati kimyo olimpiadalarini yanada rivojlantirish muammolariga bag‘ishlangan xalqaro yig‘ilish (Riga, Latviya, 2004 yil 9-10 yanvar)da ham alohida ta’kidlanib, maktab o‘quvchilariga kimyo fanini professional o‘rganishga yordam beradigan mintaqalararo hamkorlikning yaxshi namunasi sifatida qayd etilgan. 

1992 yilda Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi maktab o‘quvchilari uchun kimyo bo‘yicha butunittifoq olimpiadasining huquqiy merosxo‘riga aylandi. 1997 yilda u birinchi bor Rossiyadan boshqa davlatda bo‘lib o‘tdi. 2004 yildan Xalqaro Mendeleyev olimpiadasiga Bolgariya, Makedoniya va Ruminiya jamoalari, 2012 yildan Vengriya, Turkiya va Saudiya Arabistoni ham qo‘shilgan. 2016 yilda olimpiadada ilk bor Isroil, Mo‘g‘uliston va Nigeriya jamoalari qatnashdi. 2019 yilda 30 ta davlat, shu jumladan Ukraina, Gruziya, Isroil, Saudiya Arabistoni, Avstriya va Xitoy kabi davlatlarning ishtiroki tasdiqlangan. 2022 yilda esa Bangladesh maktab o‘quvchilari jamoasi birinchi marta  ishtirok etmoqda. 

Xalqaro Mendeleyev olimpiadasiga O‘zbekiston ilk bor mezbonlik qilmoqda.

Mavzuga oid

Respublika ta’lim markazi va Britaniyani...

Buyuk Britaniyadagi elchixonamiz ko‘magida XTV huzuridagi RTM direktori Shuhrat Sattorovni...

O‘zbekiston va Rossiya maktab o‘quvchila...

O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrifi c...

AQSHning Vayoming universiteti delegatsi...

Kecha Vayoming universitetining (AQSH) Global hamkorlik bo‘yicha prorektori Aysedor Xelfgo...

So`nggi yangiliklar