21/Iyun/2022 Iqtisodiy diplomatiya
VASHINGTON, 21-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya bugun AQSHga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
AQSHga safar doirasida delegatsiya qator davlat organlari rahbarlari, BMT, xalqaro moliya institutlari, yirik IT-kompaniyalar, venchur va investitsiya fondlari, shuningdek, Silikon vodiysida ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan.
O‘zbekiston elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, tashrif dasturi juda boy bo‘lib, u, jumladan, “Apple”, “Google”, “Meta”, “Coursera”, “Visa”, “Mastercard” va boshqa yirik kompaniyalar bosh qarorgohlarida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarni o‘z ichiga olgan.
Uchrashuvlar chog‘ida O‘zbekistonga dunyodagi yirik IT-kompaniyalarni jalb qilish, ularning ichki bozordagi ishtirokini kengaytirish, respublikamizda fuqarolarimiz uchun yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratish, o‘zbekistonlik foydalanuvchilar uchun onlayn platformali monetizatsiya vositalaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash, ushbu sohada xizmatlar eksportini oshirish masalalarini muhokama qilish ko‘zda tutilmoqda.