Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Iyul/2020   COVID-19

«O‘zbekiston bilan birdamlik» xayriya aksiyasi doirasida 500 oila qo‘llab-quvvatlandi


LONDON, 27 iyul. /«Dunyo» AA/. Xorijda yashayotgan vatandoshlar tashabbusi bilan «O‘zbekiston bilan birdamlik» xayriya aksiyasi doirasida «Ezgu Amal» xayriya fondi mamlakatimizda ko‘makka muhtoj 500 oilaga oziq-ovqat to‘plamlarini taqdim qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat to‘plamlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlarida esa 300 ta oilaga yetkazib berildi.

Jumladan, Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri, Mo‘ynoq, To‘rtko‘l, Taxtako‘pir tumanlari aholisi xayriya yordamidan bahramand bo‘lishdi.

Shuningdek, Buxoro viloyatining Buxoro va Kogon shahri, Olot va Romitan tumanlarida 100 ta, Navoiy viloyati Muruntov mavzesida 100 ta va Samarqand viloyati Urgut tumanida ham 100 ta oila oziq-ovqat bilan ta’minlandi.

Gumanitar yordam mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlar va ko‘ngillilar yordamida tarqatildi. Aksiyalar mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda, shuningdek, karantin rejimi va ijtimoiy masofaga rioya qilgan holda tashkil etildi.

Avvalroq, aksiya tashkilotchilari Toshkent shahar onkologik dispanserining bolalar bo‘limiga, Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot institutiga infuzion nasoslar hamda konditsionerlarni taqdim etishgan edi.

Xayriya aksiyasi tashabbuskorlari, shuningdek, respublikaning tibbiyot muassasalari ehtiyojlari uchun kislorod konsentratorlari, puls oksimetrlari va boshqa tibbiy asbob-uskunalarni, shuningdek, shaxsiy himoya vositalarini sotib olishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston bilan birdamlik» insonparvarlik aksiyasi shu yil aprel oyining boshida chet elda yashayotgan bir guruh vatandoshlar tomonidan boshlangan. Aksiyaning maqsadi tibbiyot muassasalariga va aholining ko‘makka muhtoj qatlamlariga koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda yordam berish uchun mablag‘ to‘plashdir.

Loyihaning O‘zbekistondagi hamkori « Ezgu Amal» jamg‘armasi bo‘lib, u aksiya tashabbuskorlari bilan kelishgan holda mablag‘larni mamlakat aholisining yordamga muhtoj qatlamlariga yetkazib beradi. Yordamning aniq miqdori va turlari mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. YeTTB xayriya aksiyasi davomida yig‘ilgan mablag‘ miqdorini ikki baravar oshirish uchun 50 ming yevrogacha mablag‘ ajratishga tayyor.

Mablag‘ yig‘ish maqsadida tashkilotchilar tomonidan O‘zbekiston madaniyati va san’ati bilan tanishtirish uchun turli xayriya tadbirlari va mahorat darslari o‘tkaziladi.

Targ‘ibоt jarayoni va to‘plangan mablag‘lardan foydalanish to‘g‘risida oshkora va batafsil hisobоt doimiy ravishda maxsus veb-saytda (https://swuz.org/reports/), shuningdek, ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda chop etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi va Fransiyadagi elchixonalari, Londondagi «Bilim» o‘zbek madaniy markazi, Britaniya-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati, Tezparsel, Safenetpay va Londondagi «OshPaz» milliy taomlari brendi, shuningdek, O‘zbekiston san’ati, madaniyati xodimlari va boshqalar loyihalarni amalga oshirishda yaqindan yordam berib kelmoqda.

Mavzuga oid

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qa...

1-may soat 23:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan shaxsl...

Asakada karantinda bo‘lgan 108 nafar yur...

Asaka tumanida karantinda bo‘lgan 108 nafar yurtdoshimiz o‘z uylariga kuzatildi.

JSST rahbari koronavirus qachon butkul t...

Koronavirus infeksiyasining o‘lim muddati e’lon qilindi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilot...

So`nggi yangiliklar