10/Noyabr/2021 Jamiyat
SEUL, 10 noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasining bir guruh mutaxassislari 15-26 noyabr kunlari Koreya Respublikasi bojxona xizmati bo‘linmalarida amaliyot o‘taydi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, o‘zbekistonlik mutaxassislar amaliyot davomida Janubiy Koreya bojxona bo‘linmalari faoliyati bilan yaqindan tanishish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Koreya Respublikasi bojxona xizmati komissari Lim Je Xyonning O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi raisi, general-mayor Murodjon Azimov bilan joriy yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida ikki mamlakat bojxona xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikka oid va kasb tayyorgarligi sohasida memorandum imzolangan edi.