Uz / Ўз Ru En

Toshkent

21/Sentabr/2020   Iqtisodiy diplomatiya

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari BAA energetika va infratuzilma vaziri bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash uchun qo‘shma ishchi guruhni tashkil etishga kelishib oldi


TOSHKENT, 21 sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Birlashgan Arab Amirliklarining energetika va infratuzilma vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazrui bilan videokonferensiya shaklida yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri Investitsiya va tashqi savdo vazirligi manbasiga asoslanib.

Yig‘ilishda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik masalalari hamda strategik sheriklikning asosiy yo‘nalishlari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdagi o‘zaro hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirishda erishilgan muhim yutuqlar ta’kidlandi. Jumladan, ustav kapitali 1 milliard dollarga teng bo‘lgan O‘zbekiston – BAA qo‘shma investitsiya kompaniyasi o‘z amaliyot faoliyatini boshladi, Talimarjon elektrostansiyasining “Mubadala” kompaniyasi tomonidan xususiylashtirish loyihasi doirasida elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha investitsiyaviy bitimni kelishish jarayoni nihoyasiga yetmoqda, Samarqand shahrining infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda Samarqand shahrida 4 yulduzli mehmonxona va savdo markazi qurilishini moliyalashtirish uchun Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 300 million dollar ajratilishi ma’qullandi.

“Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda sezilarli yutuqlarga erishildi – 2020 yil yanvar oyida Navoiy viloyatida shamol elektrostansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha asosiy yuridik bitimlar imzolandi. Ushbu mintaqada 100 MVt quvvatga ega quyosh elektrostansiyasini qurish loyihasi doirasida qurilish ishlariga tayyorgarlik ham yakunlandi. “Masdar” uning qurilishi uchun tenderda 2019 yil oktyabr oyida yutib chiqqan edi, va noyabr oyining o‘zida amirlikdagi sheriklar bilan investitsiyaviy bitim va elektr energiyani sotib olish bo‘yicha bitim imzolandi.

Amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining amaliy jihatlari alohida ko‘rib chiqildi va ularning joriy etilishini tezlashtirish bo‘yicha keyingi harakatlar belgilab olindi.

Shuningdek, neft-kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, telekommunikatsiyalar, sog‘liqni saqlash, turizm va moliya sektorlarida yangi investitsiyaviy loyihalarni birgalikda ishlab chiqish orqali investitsiyaviy hamkorlikni va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchun imkoniyatlar muhokama qilindi.

Hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash va aniq loyihalar va tashabbuslarning investitsiyaviy jozibadorligini tahlil qilish uchun tegishli maslahatchilarni jalb qilish maqsadida qo‘shma ishchi guruhni tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar ilg‘or Amirliklar tajribasi va texnologiyalarini jalb qilish, shuningdek koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan qo‘shma choralarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda sog‘liqni saqlash sohasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

 

Fotosurat - Investitsiya va tashqi savdo vazirligi saytidan olindi

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Janubiy Koreya birgalikda...

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasida «H Sulphur Corp.» kompaniyasi bosh menejeri Xan Min...

O‘zbekiston va Ukraina sanoatchilari uzo...

Sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish O‘zbekistonning bugungi taraqqiy...

Hindistonlik mutaxassis: O‘zbekiston Mar...

O‘zbekiston Respublika oliy ta’lim tizimining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xo...

So`nggi yangiliklar