Uz / Ўз Ru En

Toshkent

01/Avgust/2020   Iqtisodiy diplomatiya

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari JICA prezidenti bilan hamkorlikni yana-da jadallashtirish bo‘yicha fikr almashdi


TOSHKENT, 1-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Sh.Kitaoka videokonferensiya shaklida muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manbasiga asoslanib.

Muloqot davomida 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi bo‘yicha joriy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda jahondagi epidemiologik vaziyatda umumiy tashabbus va loyihalarni tizimli davom ettirishning ustuvorligi taʼkidlab o‘tildi.

O‘zbekistonning energetika, qishloq xo‘jaligi hamda sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish loyihalari ko‘rib chiqildi. Ularni yana-da jadallashtirish zarurligi yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekistonda meva va sabzavotchilik sohasidagi istiqbolli maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun Yaponiya moliya institutlarining qo‘shimcha mablag‘larini jalb qilish masalasi muhokama qilindi.

Mablag‘lar O‘zbekiston iqtisodiyotini amaliy qo‘llab-quvvatlash, xususan, tarmoqlarda sanoat ishlab chiqarishini faollashtirish, kichik va xususiy biznes faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda tashqi savdoni rag‘batlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilishi taʼkidlandi.

Yaponiya hukumatining Markaziy Osiyo, shuningdek, Afg‘onistonda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, barqaror rivojlanish hamda mintaqada iqtisodiy integratsiyani mustahkamlashdagi ko‘maklashish istagi yuqori baholandi. Tomonlar “O‘zbekiston-Yaponiya-Afg‘oniston” shaklida hamkorlikni mustahkamlashga tayyorliklarini bildirdi.

O‘zbekiston tomoni Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH Xalqaro moliya korporatsiyasi (USDFC) ishtirokida tashkil etilishi rejalashtirilgan Investitsiya jamg‘armasi faoliyatida  Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) ehtimoliy ishtirokini ko‘rib chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Videomuloqot yakunida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida yangi loyihalarni birgalikda ishlab chiqish uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi ...

O‘zbekiston Respublikasining Belgiyadagi elchixonasi Benilyuks mamlakatlariga meva-sabzavo...

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengash...

6-may kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlarning ...

O‘zbekistonda yetishtirilgan dukkakli ek...

Mahalliy «Global Export Company» kompaniyasi Niderlandiya va Belgiyadagi yirik distribyuto...

So`nggi yangiliklar