Uz / Ўз Ru En

Toshkent

13/Aprel/2021   Iqtisodiy diplomatiya

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Hindiston temir yo‘llar, savdo va sanoat vaziri bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi


TOSHKENT, 13-aprel. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov videokonferensaloqa orqali Hindiston temir yo‘llar, savdo va sanoat vaziri Piyushem Goyal bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlum qilishicha, suhbat davomida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmining izchil o‘sishidan mamnun ekanliklarini bildirdilar. 2020 yil yakunlari bo‘yicha Hindiston bilan o‘zaro savdo hajmi qariyb 442 million dollarni tashkil etdi, bu esa 2019 yildagisidan 25% ko‘pdir. Shu bilan birga, o‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish yuzasidan samarali chora-tadbirlar ko‘rishga qiziqish bildirildi va yaqin istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.

Jumladan, ikki mamlakatning tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan O‘zbekiston  va Hindiston o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim tuzish imkoniyatlarini baholash bo‘yicha o‘tkazilayotgan qo‘shma tadqiqot natijalarini tayyorlashni jadallashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini jadal rivojlantirish, Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitimni imzolashni jadallashtirish hamda biznes-forumlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish orqali ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida ishbilarmonlik  munosabatlarini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.

Shuningdek, moliyaviy-texnik hamkorlik masalalariga to‘xtalib o‘tildi - ikki mamlakat vazirliklari va idoralarining Hindiston Eksimbanki hisobidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan ijtimoiy va infratuzilma loyihalarining texnik-iqtisodiy parametrlarini ishlab chiqish va muvofiqlashtirish bo‘yicha qo‘shma faoliyati jadallashtirildi.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, tegishli tuzilmalar mutaxassislari orasidan xalqaro transport yo‘laklari tizimiga integratsiyalashish bo‘yicha tajribani o‘rganish yuzasidan qo‘shma ekspert guruhlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston transport infratuzilmasini qurish va rekonstruksiya qilish sohasida yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni yana-da kengaytirishga kelishib oldi.

Videokonferensiya yakunida ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalarini tezkorlik bilan hal etish hamda ikkala tomon manfaatdor bo‘lgan loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar darajasida faol muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Moddiy merosni saqlash va ta...

O‘zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakolatxonasi Moddiy merosni saqlash va ta’mirlash masa...

Elchi O‘zbekistonda IT va telekommunikat...

Kecha O‘zbekistonning Finlyandiyadagi elchisi (qarorgohi - Riga shahrida) Qadambay Sultono...

Afg‘onistondan munosabat: O‘zbekistonda ...

Mamlakatimizning Kobuldagi elchixonasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyeyovning Afg...

So`nggi yangiliklar