Uz / Ўз Ru En

Toshkent

04/Dekabr/2021   Iqtisodiyot

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar vakillari bilan uchrashdi


 TOSHKENT, 4 dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va uning idoraviy mansub tashkilotlarida, jumladan, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Eksportni rag‘batlantirish agentligi, Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi, Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, vazirlik faoliyati samaradorligini oshirish masalalari, uning oldida turgan dolzarb vazifalar, korporativ siyosat, xodimlar malakasini oshirish va yosh xodimlarni rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda vazirlikning korporativ madaniyatini shakllantirish, yoshlarni tashvishga solayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratish hamda tashkilotning tajriba va qadriyatlar davomiyligini taʼminlash maqsadida tarkibiy bo‘linmalarida turli yoshdagi xodimlar birgalikda faoliyat yuritishining muhimligi taʼkidlandi.

Vazirlik rahbariyati turli tuzilmalarda ishlash hamda vazifalarni tezkor va sifatli hal etish uchun zarur bo‘lgan kasbiy mahorat va shaxsiy fazilatlarni ishlab chiqish bo‘yicha shaxsiy tajribasi, shuningdek, turli darajalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish usullari bilan o‘rtoqlashdi. Ish jarayonida tizimli va muvofiqlashtirilgan yondashuvni qo‘llash, jamoa bo‘lib fidokorona ishlashning zarurligi qayd etildi.

Tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlar bilan bevosita ishlash, mahallalar bilan faol hamkorlik qilishgaga alohida eʼtibor qaratildi. Yosh mutaxassislarga davlatimiz rahbarining “mahallabay” tizimida samarali ishlarni tashkil qilish bo‘yicha yangi tashabbuslarini amalga oshirishda ishtirok etish hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi biriktirilgan 41 ta tumandan o‘ziga maʼqulida hokim yordamchisi – mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi sifatida o‘z kuchlarini sinab ko‘rish taklif etildi. Hududlarda ishlash tajribasi foydali bilimlarga ega bo‘lish, joylardagi iqtisodiy ahvolni har tomonlama o‘rganish, tadbirkorlarni amaliy qo‘llab-quvvatlash hamda mavjud masalalarni hal etish uchun turli idoralar bilan ishlashni o‘rganish imkonini berishi taʼkidlandi.

Vazirlikda tashkil etilgan Yoshlar kengashi faoliyatini takomillashtirish taklif etildi. Bunda asosiy urg‘u yosh xodimlar o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashish, ish jarayonida yuzaga keladigan masalalarni, shuningdek, Vazirlik amaliy yordam berishi mumkin bo‘lgan muammolarni bildirish uchun doimiy faoliyat ko‘rsatadigan platforma yaratishga beriladi.

Uchrashuv ishtirokchilari ish faoliyati samaradorligini oshirish, korporativ madaniyatni rivojlantirish hamda vazirlik tarkibiy bo‘linmalari va uning quyi tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘z g‘oya va takliflarini bildirish imkoniga ega bo‘ldilar. Ko‘tarilgan masalalar va takliflar ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.

 

Mavzuga oid

O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonala...

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari m...

Singapur kompaniyasiga Farg‘ona viloyati...

Viloyatga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar oqimini ko‘paytirish hamda xorijlik sarmoyado...

Nyu-Yorkda «Mahalla USA» va «Turon Trade...

Mamlakatimizning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqill...

So`nggi yangiliklar