Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Mart/2021   Iqtisodiy diplomatiya

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari va Turkiya elchisi ikki tomonlama aloqalarni izchil kengaytirish va mustahkamlash vazifalarini belgilab oldi

TOSHKЕNT, 27 mart. /«Dunyo» AA/. Kecha O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.


Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lum qilishicha, uchrashuvni ochar ekan, O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Olgan Bekarni mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va kelgusi kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy–gumanitar munosabatlarning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari hamda ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida ikkala tomon ham manfaatdor bo‘lgan keng ko‘lamli masalalarni hal etishda o‘zaro anglashuvning yuqori darajasi, shuningdek, turli darajalardagi aloqalar faollashgani qayd etildi.

Investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratildi: 2019 yildan boshlab O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan turk investitsiyalari hajmi qariyb 950 mln dollarni, Respublikada turk kapitali ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni esa 1576 tani tashkil etgani ta’kidlandi. Tomonlar O‘zbekistonda loyihalarni hayotga tatbiq etishda turk investorlarni jalb qilish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab, Respublikada investitsiya va ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirishda turk tadbirkorlariga har tomonlama ko‘mak berishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Alohida tartibda O‘zbekistonda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TICA) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan texnik hamkorlik loyihalari ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmining o‘sishida ijobiy o‘zgarishlar davom etayotgani qayd etildi. Masalan, joriy yilning dastlabki ikki oyida o‘zaro savdo hajmi 27,6 foizga oshdi. Tomonlar savdo sohasida hamkorlikni mustahkamlash va tovar ayirboshlash hajmini yaqin kelajakda 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldi.

Shu nuqtai nazardan, Imtiyozli savdo bo‘yicha bitimni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Uning imzolanishi o‘zaro savdo hajmini jadal sur’atlar bilan oshirish imkonini beradi.

Muloqotda qator ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, joriy yilning aprel oyida Turkiya hukumati va ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish hamda may oyida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya yig‘ilishini, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forumni tashkil etishning amaliy jihatlariga to‘xtalib o‘tildi.

Turkiyaning investitsiya muhitini yaxshilash, hududlarni rivojlantirish va erkin iqtisodiy zonalarni boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha tajribasini mamlakatimizda joriy etish borasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, qurilish, transport va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi yetakchi turk ekspert-maslahatchilarini O‘zbekistonda ishlashga taklif etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama etilgan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldi.

Mavzuga oid

Turkiy davlatlar tashkilotining investi...

Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning Istanbuldagi qarorgohida aʼzo davlatlarning Iqtisodi...

O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasida...

Xitoyning Sian shahrida (Shensi provinsiyasi ) “Xitoy - O‘zbekiston savdo-iqtisodiy, madan...

O‘zbekiston iqtisodiy salohiyatini yuksa...

Bugungi kunda dunyoning rivojlangan mamlakatlari tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ular...

So`nggi yangiliklar