Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/Oktabr/2020   Siyosat

O‘zbekiston davlat mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan Seulda tantanali marosim bo‘lib o‘tdi


SEUL, 24-oktabr. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizning Koreya Respublikadagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston davlat mustaqilligining 29 yilligi hamda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 28 yilligi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

«Seoul Lotte Hotel» mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan tadbirda Janubiy Koreyaning turli hukumat idoralari rasmiylari, jumladan, Prezident ma’muriyati, Milliy Assambleya deputatlari, muhim iqtisodiy tashkilotlar, yetakchi kompaniyalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy fikr markazlari vakillari, diplomatik vakolatxonalar rahbarlari va Seulda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlar, shuningdek, vatandoshlar ishtirok etdi.

O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Vitaliy Fen tantanali bayram ochilishida ishtirokchilarga mamlakatimizning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturining mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda aholining ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, jumladan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalaridagi islohotlar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlar siyosatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ko‘p qirrali O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasidagi o‘zaro aloqalarning asosiy yo‘nalishlari haqida aytib o‘tildi.

Tadbirda Janubiy Koreya savdo, sanoat va energetika vaziri o‘rinbosari Pak Ki Yang mamlakat hukumati nomidan asosiy rasmiy mehmon sifatida ishtirok etdi.

Park Ki Yang Janubiy Koreya hukumati va xalqi nomidan O‘zbekiston mustaqillikning 29 yilligi bilan barchani tabrikladi. U ko‘p asrlik tarixga ega va bugungi kunda maxsus strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlarning yangi bosqichida mamlakatimiz hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligini yuqori baholadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan muloqoti o‘zaro hamkorlikni izchil targ‘ib qilish va chuqurlashtirishda muhim rol o‘ynamoqda. Bu esa mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgandan buyon bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi o‘n oltita uchrashuv shundan dalolat beradi.

«Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston biz uchun ustuvor savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sherikdir. So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli o‘sdi. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishini hisobga olsak, kelajakda savdo hajmi yanada o‘sishi tayin.

Investitsiya va savdo sohalarida sheriklik aloqalarini yanada rivojlantirish uchun foydalanilmagan ulkan imkoniyatlar mavjud. Janubiy Koreya hukumati O‘zbekiston bilan faol hamkorlikni rivojlantirish fikrida sodiqdir va iqtisodiy munosabatlarimiz yangi bosqichga ko‘tarilishi uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor.

COVID-19 tarqalishiga qarshi samarali va yaqin hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yuqori darajasini yana bir bor namoyish etdi. Janubiy Koreya tomoni koronavirus va uning iqtisodiyotga salbiy ta’siriga qarshi kurashishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon Janubiy Koreya tomoni qabul qilgan birinchi xorijiy delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov boshchiligidagi mamlakatingiz delegatsiyasi bo‘lgani diqqatga sazovordir. Safar shu yil iyul oyi boshida amalga oshirilgan edi va bu strategik sheriklik munosabatlarining alohida darajasini, ikki mamlakat uni yanada mustahkamlashga intilishini yana bir bor tasdiqlaydi.

Joriy yil ikki tomonlama hamkorlikning asosiy voqealari aprel va oktyabr oylarida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Prezidentlarining telefon orqali muloqotlari bo‘ldi.

Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligining vakili sifatida men bundan buyon ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni yanada kengaytirishga o‘z hissamni qo‘shaman» dedi vazir o‘rinbosari.

Hamkor mamlakat vaziri o‘rinbosari, shuningdek, Janubiy Koreya O‘zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqladi.

Tadbirda Koreya Respublikasi Prezidentining yangi «Shimoliy siyosat» bo‘yicha kotibi Yo Xan Gu ham tabrik yo‘lladi. U O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 29 yilligi bilan tabrikladi va 2017 va 2019 yillarda oliy darajadagi o‘zaro tashriflardan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

«O‘zbekistonning barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish, Janubiy Koreya bilan O‘zbekiston o‘rtasida ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlashga bo‘lgan sodiqligini yuqori baholaymiz. Janubiy Koreya Prezidenti Mu Chje In mamlakatda 2020 yilni yangi Shimoliy siyosat yili deb e’lon qildi. O‘zbekiston Respublikasi ushbu siyosatda mamlakatimizning asosiy, ustuvor sherigi hisoblanadi va biz o‘tgan yil davomida ikki tomonlama munosabatlarda aniq natijalarga erishganimizdan xursandmiz », dedi Yo Xan Gu.

Diplomatik vakolatxona rahbarining o‘zbek tilidagi nutqi, taniqli koreys rassomi Kan Jo Vonning «Ulug‘imsan Vatanim» va boshqa o‘zbek qo‘shiqlarining ijro etilishi ishtirokchilarga mamnuniyat bag‘ishladi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston mustaqillik yillarida erishgan yutuqlar, mamlakatning tarixiy hamda diqqatga sazovor joylari, shuningdek, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati haqida hikoya qiluvchi fotoko‘rgazma tashkil etildi.

«Turizm fidoyisi» ko‘krak nishoni sohibi, Seuldagi «Lazzat» restorani oshpazi Mahmud Abdullayev tomonidan tayyorlangan o‘zbek milliy oshxonasi taomlari – palov va somsa bayram mehmonlari tomonidan yuqori baholandi.

Tomoshabinlar orasida «The Korea Post» jurnali va «The Korea Times» gazetasining koreys hamda ingliz tillaridagi maxsus nashrining O‘zbekiston, uning zamonaviy taraqqiyoti, tarixi, madaniyati va urf-odatlariga bag‘ishlab chop etilgan nashrlari nusxalari tarqatildi.

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon birinchi yirik voqea bo‘lgan ushbu tantanali tadbir mezbon mamlakatda joriy qilingan karantin talablariga to‘liq rioya qilgan holda tashkil etildi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidenti Buxoro shahrida K...

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat va jamoat arbobi, Buxoro viloyati hokimi vazifas...

«Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markaz...

Qaror bilan «Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi» va «Raqamli iqtisodiyot tad...

O‘zbekiston elchisi va Yaponiya tashqi i...

O‘zbekistonning Tokiodagi elchisi G‘ayrat Fozilov ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yana...

So`nggi yangiliklar