Uz / Ўз Ru En

Toshkent

18/Dekabr/2020   Siyosat

O‘zbekiston davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi tantanalarini yuqori saviyada nishonlash vazifalari belgilandi


TOShKENT, 18-dekabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Ma’lumki, 2021 yilda mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom ma’nodagi buyuk, olamshumul voqea – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi e’lon qilinganiga o‘ttiz yil to‘ladi.
Mustaqillik yillarida ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi o‘zining buyuk salohiyati, mustahkam irodasi va matonatini namoyon etdi. Og‘ir sinov va mashaqqatlarni mardona yengib, katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.

Yurtimiz jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida uzoq-yaqindagi barcha mamlakatlar bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini keng miqyosda olib borayotgan zamonaviy, ochiq va demokratik davlatga aylandi.

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarimiz natijasida, ayniqsa, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini hayotga joriy etish asosida mamlakatimizning siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotini tubdan yangilash, «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» g‘oyasini real voqelikka aylantirish borasida salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda.

Davlatimiz rahbarining mazkur qarorida o‘ttiz yil davomida mustaqil O‘zbekiston davlatini barpo etish yo‘lida fidokora mehnat qilayotgan xalqimizning zalvorli vazifalarini nomayon etish maqsadida qator maqsadlar belgilandi. Unga ko‘ra, mamlakatimiz mustaqilligining ulkan siyosiy, tarixiy va ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini inobatga olib xalqaro maydondagi obro‘-e’tiboriga munosib yuksak saviyada, umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi.

Qaror bilan istiqlol tantasining 30 yilligini munosb o‘tkazish va unga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Respublika kommissiyasi tuziladi.

Respublika komissiyasi bir hafta muddatda ustuvor yo‘nalishlarni atroflicha yoritishga alohida e’tibor qaratgan holda «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy hamda targ‘ibоt-tashviqot tadbirlari dasturini ishlab chiqadi.

Hujjatda mamlakatimizda mustaqillik yillarida xalqimiz huquq va manfaatlarini ta’minlash sohasida erishilgan natijalarni keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur sohadagi islohotlar «Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun» va «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» tamoyillari asosida targ‘ib etilishi belgilandi.

Shuningdek, shahar va qishloqlarimizni obodonlashtirish, aholini ish bilan ta’minlash, yoshlarning intelektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar mazmun mohiyatini ochib berishga qaratilgan tadbirlar tashkil etiladi. Bunda birinchi navbatda «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Besh muhim tashabbus», «Bir million dasturchi» kabi ijtimoiy loyihalarning joriy etilishi, aholi bandligini ta’minlash, uning real daromadlarini izchil oshirib borish, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot, sport sohalarini tubdan rivojlantirish bo‘yicha qo‘lga kiritilgan natijalarga alohida e’tibor qaratiladi.

Hujjatda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohaga berilayotgan katta e’tibor, xususan O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi qabul qilingani, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, hadis va kalom maktablarini tashkil etish bilan bog‘liq amaliy ishlar bajarilgani qayd etilgan. Ana shu ezgu ishlarning xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilayotgani esa istiqlol bergan imkoniyatlar natijasidir. Diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan ishlar qatorida, hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolarga ham e’tibor qaratiladi. Birinchi navbatda bilib-bilmay yot aqidalar va oqimlarga ergashayotgan yurtdoshlarimiz, xususan yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlash tadbirlarini yanada kuchaytirish va bu borada qilinayotgan sa’yi-harakatlarni keng targ‘ib etish vazifalari ta’kidlangan.

Qaror bilanO‘zbekistonning ma’naviy-ma’rifiy sahadagi yutuqlarini xalqaro maydonda namoyish etishga qaratilgan tadbirlar keng miqyosda tashkil etiladi. Unga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, «O‘zbekkino» milliy agentligi, Badiiy akademiya, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorlikda xorijiy mamlakatlarda davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan keng jamoatchilik, jumladan, xorijiy mamlakatlarda yashayotgan vatandoshlarimizni jalb qilgan holda «O‘zbekiston kunlari»ni o‘tkazadi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda «Eng ulug‘, eng aziz», «Ranglar jilosida – ona diyor», «Vatan uchun yashaylik!» kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni tashkil etiladi.

Mazkur qaror bilan, Davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi sanasi munosabati bilan poytaxtimizda «Istiqlol» majmuasi tashkil etiladi. U yerda mustaqilligimizning mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aks ettiradigan yodgorlik kompozitsiyasi barpo etiladi.

Poytaxtimiz so‘nggi to‘rt yilda o‘zgacha qiyofa kasb etdi. Bunda aholining talab va ehtiyojlari, poytaxtimizning kelgusi rivojlanishi inobatga olinmoqda. Xususan, Toshkent shahrida yer usti xalqa metro liniyasi qurilishi haqiqiy mo‘’jizaga aylandi. Toshkent yer usti halqa metro liniyasining birinchi bosqichi bo‘lgan «Do‘stlik-2 – Qo‘yliq» yo‘nalishi qurib bitkazildi. Metroning ushbu uchastkasida 7 ta bekat barpo etilgan. Yangi yo‘nalishning uzunligi 11,5 kilometr. Ikkinchi bosqich Qo‘yliq bozori bilan “Olmazor” bekatini bog‘laydi. Uchinchi bosqichda “Olmazor”dan “Beruniy” bekatigacha bo‘lgan qism barpo etiladi. Keyingi bosqichda inshoot “Beruniy”dan “Bodomzor” bekatigacha quriladi, so‘nggi bosqichda “Do‘stlik” bekatiga ulanadi.

Davlatimiz rahbarining ushbu qarori bilan Toshkent shahrida barpo etilayotgan mazkur yer usti metro halqa yo‘li «O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz yilligi» deb nomlandi. Ushbu ezgu g‘oya xalqimiz or-umidlari va qarashlari bilan hamohangligi bilan ham ahamiyatlidir.

Hujjatda, shuningdek, o‘tgan davrda erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan «Yangi O‘zbekiston» kitob-albomi hamda har bir sohada amalga oshirilgan islohotlar natijalarini yoritib beruvchi kitob-albom va to‘plamlar nashr etilishi qayd etildi. «O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri va rivojlanish istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etiladi.

Mavzuga oid

Xususiy korxonada 1 ming 200 nafar ayol ...

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi “VBM Tekstil Grup” masʼuliyati cheklangan ...

O‘zbekiston – Germaniya: diplomatik muno...

Bugun, 6 mart kuni O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilg...

Vengriya tashqi ishlar vaziri Toshkentga...

Kecha Toshkentga Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto...

So`nggi yangiliklar