27/Mart/2023 O’zbekiston dunyo nigohida
QOHIRA, 27-mart. /“Dunyo” AA/. Misrda ingliz tilida chop etiladigan yetakchi nashrlardan bir - «Sada al-Balad» gazetasining veb- saytida «O‘zbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan konferensiyasida ishtirok etmoqda» sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda xalqaro hamjamiyat 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida dunyoni birlashtirish masalalarini muhokama qilish uchun yig‘ilgani maʼlum qilingan. «Unda 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida obihayot orqali dunyoni birlashtirish, sayyoramiz farovonligida dengiz va okeanlarning ahamiyati, bu boradagi global tashabbuslar BMTga aʼzo barcha mamlakatlar, ixtisoslashgan idoralar tomonidan nufuzli spikerlar ishtirokida ko‘rib chiqilmoqda», deyiladi maqolada.
Materialda qayd etilishicha, xalqaro hamjamiyat 45 yillik tanaffusdan so‘ng ilk marotaba bunday konferensiyada jam bo‘ldi. Chunki masala nihoyatda dolzarb: 2050 yilga borib sayyoramiz aholisining 5 milliard kishisi suv tanqisligidan aziyat chekishi mumkin. «O‘zbekistonning ham bu borada aytar so‘zi va takliflari, salmoqli tajribasi bor,- deya qayd etadi Misr OAV. - Chunki kattaligi bo‘yicha o‘z vaqtida dunyoda 4-o‘rinda bo‘lgan Orol dengizi O‘zbekistonda joylashgan va uning bugungi taqdiri faqat ushbu davlatga emas, balki butun xalqaro hamjamiyatga daxldor masala».
Nashrda taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev har gal BMTning oliy darajadagi yig‘ilishlarida ishtirok etar ekan, aynan shu muammoni ko‘taradi va bu yo‘nalishda muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Maʼlum qilinishicha, anjumanda tashkilotga aʼzo 198 davlat orasida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etgan.
«23 mart kuni konferensiyaning yuqori darajadagi yalpi majlisida mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzosi Saida Mirziyoyeva nutq so‘zlab, BMT minbaridan Orol dengizi fojiasining oqibatlari, ularni yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va bu boradagi xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirishda mamlakatning yetakchiligi xususida so‘z yuritdi», - deb yozadi «Sada al-Balad».