25/Mart/2023 O’zbekiston dunyo nigohida
RIGA, 25-mart. /“Dunyo” AA/. Latviyaning “Mixnews.lv” yangiliklar portalida «Orol yana umid va yangilanish timsoli: O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning tarixiy anjumanida ishtirok etdi» sarlavhali maqola joylashtirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada 22-24 mart kunlari BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Suv masalalari bo‘yicha konferensiyasi bo‘lib o‘tayotgani maʼlum qilingan. «Unda 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida obihayot orqali dunyoni birlashtirish, sayyoramiz farovonligida dengiz va okeanlarning ahamiyati, bu boradagi global tashabbuslar BMTga aʼzo barcha mamlakatlar, ixtisoslashgan idoralar tomonidan nufuzli spikerlar ishtirokida ko‘rib chiqilmoqda»,- deyiladi nashrda.
Materialda xabar qilinganidek, Konferensiya ishida tuzilmaga aʼzo 198 mamlakat qatorida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. «23 mart kuni konferensiyaning yuqori darajadagi yalpi majlisida mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzosi Saida Mirziyoyeva nutq so‘zlab, BMT minbaridan Orol dengizi fojiasining oqibatlari, ularni yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va bu boradagi xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirishda mamlakatimizning yetakchiligi xususida so‘z yuritdi»,-deyiladi manbada.
Nashrda qayd etilganidek, Saida Mirziyoyeva Orolbo‘yidagi Mo‘ynoq ilgari yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega port shahar bo‘lgani, keyinchalik muvozanat buzilib, dengizning o‘lik qirg‘oqlari kemalar qabristoniga aylanganini taʼkidlab, qoraqalpoq elining atoqli shoiri Ibrohim Yusupov ijodidan dengizning ko‘z ochib yumguncha sahroga aylanishi tasvirlangan satrlarni o‘qib berdi.
«So‘zining yakunida Saida Mirziyoyeva xalqaro hamjamiyatni global suv masalalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishda O‘zbekistonning saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi», deb yozadi “Mixnews.lv”.