31/May/2023 Vatandoshlarimiz
VLADIVOSTOK, 31 may. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 29 may kuni Bosh konsulxona xodimlari Primorsk o‘lkasi Naxodka shahrida kemasozlik zavodi binosining qurilishida ishtirok etayotgan “RemStroy Naxodka” MCHJ korxonasida mehnat qilayotgan fuqarolarimiz holidan xabar olish maqsadida ushbu obyektga tashrif buyurishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston fuqarolari va ularni ishga yollagan korxona vakillari bilan uchrashuv davomida vatandoshlarimiz 2022 yilning noyabr oyidan 2023 yilning 20 mayiga qadar ushbu qurilish obyektida ishlab kelishgani, ammo 2023 yil aprel-may oylarida ishlagan oylik ish haqlari ish beruvchi tomonidan turli vajlar bilan nomaʼlum muddatga kechiktirilgani maʼlum bo‘ldi.
Korxona vakillari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida fuqarolarimizga to‘lab berilmagan 600 ming rubl miqdoridagi ish haqlari shu kunning o‘zida to‘lab berilishiga erishildi.
Fuqarolarimiz bilan o‘tkazilgan alohida uchrashuvda ularga mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy voqealar, jumladan joriy yilning 9 iyul kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston Prezidenti saylovi to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berilib, mazkur siyosiy jarayonga faol qatnashishga chaqirildi. Shu munosabat bilan ushbu korxonaning o‘zida muddatidan oldin ovoz berish punkti tashkil etilishi maʼlum qilindi.
Shuningdek, yig‘ilganlar davlatimiz tomonidan xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash hamda xavfsiz mehnat migratsiyasini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan tegishli farmon va qarorlar asosida mehnat muhojirlari uchun ko‘zda tutilgan imtiyozlar bilan ham tanishtirildi.
Bundan tashqari, yurtdoshlarimizga turli namoyishlar va tartibsizliklarda ishtirok etmaslik, millatimizga yot g‘oyalar ortidan ergashmaslik bo‘yicha tavsiyalar berildi.