Uz / Ўз Ru En

Toshkent

20/Oktabr/2021   O‘sish nuqtasi

O‘zbekiston dunyodagi za’faron yetishtiriladigan eng yirik beshta davlatlardan biriga aylanmoqda

JIZZAX, 20-oktabr. /«Dunyo» AA/. Italiyadan 20 million dona za’faron piyozboshlari ortilgan yuk mashinalari Sloveniya, Vengriya, Polsha, Belarus, Rossiya va Qozog‘iston hududi orqali Jizzax viloyatiga yetib keldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri. 


Shu munosabat bilan bugun “BMB Trade Group” kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi rasmiy vakillari, shuningdek, Italiyaning “Fin Opera” kompaniyasi vakili Massimo Busjeni, Tojikistonning “AVAS Engineering” kompaniyasi raisi Azim Hakimov, Koreya Respublikasining “KGH” kompaniyasi mutaxassisi Jina Park ishtirokida za’faron o‘simligini yetishtirish hamda plantatsiyalarini tashkil etish, ularni sanoat usulida qayta ishlashning samarali tizimini rivojlantirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi. 

Avval xabar qilganimizdek, davlatimiz rahbari tomonidan respublikada za’faron plantatsiyalarini barpo etish, farmatsevtika sanoati ehtiyojlarini ta’minlash va eksportbop dorivor o‘simliklarni ko‘paytirishni tashkil etish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi doirasida “BMB Trade Group” kompaniyasi Jizzax viloyatidagi 200 gektar yer maydonida za’faron plantatsiyalarini barpo etdi. Bugungi kunda O‘zbekiston dunyodagi za’faron yetishtiriladigan eng yirik beshta davlatlardan biriga aylanmoqda.

- Jizzax zaminiga ekilayotgan za’faron piyozboshlari bevosita Italiyadan olib kelinmoqda, - dedi kompaniya Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov. - Uni yetishtirish jarayoni italiyalik mutaxassislar bilan birgalikda nazorat qilib borilmoqda. Parvarishlash jarayonida hech qanday kimyoviy mineral o‘g‘itlar qo‘llanilmaydi. Quvonarlisi, chekilgan zahmatli mehnat o‘z mevasini berdi – 2020 yilda ilk hosil terib olindi. E’tiborlisi, milliy mahsulotimiz Yevropaning mashhur “Analisi Chimiche Ed Ecologiche Sas” hamda “Laboratori di Ricerche Analitiche e Tecnologiche su Alimenti e Ambiente” laboratoriyalarida ikki bosqichli tekshiruvlardan o‘tkazildi hamda tahlil natijalariga ko‘ra, oliy navli, deb tan olindi. Mazkur jihatlar mutaxassislarning kompaniya tomonidan yetishtirilayotgan za’faron mahsuloti Yevropaning nozikta’b iste’molchilari orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi shubhasiz, degan fikriga asos bo‘lmoqda.

Bundan sal avvalroq kompaniyaga AQSH Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarini nazorat qilish boshqarmasi (FDA – Food and Drug Administration) O‘zbekistondan AQSHga za’faron mahsulotini eksport qilishga ruxsat berdi. Bu esa AQSHning farmatsevtika sanoatidagi yirik kompaniyalar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun keng yo‘l ochib berdi.

Shu bilan birga, BMB Trade Group kompaniyasi mahsuloti hademay Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreya bozorlaridan ham o‘rin egallaydi. Joriy yil Koreya Respublikasining “KGH” kompaniyasi bilan ham eksport shartnomasi imzolandi.

AVAS Engineering (Tojikiston) kompaniyasi bilan hamkorlikda “BMB-Avas Zaʼfaron” O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida “BMB Trade Group” kompaniyasining joriy yil iyun oyida italiyalik hamkorlar bilan umumiy qiymati 15 million yevro qiymatidagi eksport shartnomasining imzolanishi, iyul va avgust oylarida esa “BMB Zaʼfaron” milliy brendi ostida 1,1 million yevrolik dastlabki mahsulotning Italiyaga eksport qilinishi yuqoridagi ishlarning ilk nishonasi bo‘ldi.

Mavzuga oid

Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi quri...

Bugun Shirin shahrida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi qurili...

So‘nggi yillardagi islohotlar mahsulotla...

O‘zbekistonda pandemiya sharoitida tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali ...

O‘zbekistonning quritilgan mevalari eksp...

O‘zbekistondan quritilgan mevalarni import qiluvchi Yaponiyaning "Global Silk Road Inc." k...

So`nggi yangiliklar