Uz / Ўз Ru En

Toshkent

28/Iyul/2021   Siyosat

O‘zbekiston elchisi Vashingtonda AQSH Kongressi a’zolari bilan ikki tomonlama munosabatlar masalalarini muhokama qildi


VASHINGTON, 28 iyul. /«Dunyo» AA/ O‘zbekiston-AQSH parlamentlararo hamkorligini yanada kengaytirish, shuningdek, AQSH Kongressi bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov amerikalik qonun chiqaruvchilar bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA  muxbiri.

AQSH Kongressi tashqi ishlar qo‘mitasida Osiyo, Tinch okeani va Markaziy Osiyo bo‘yicha quyi qo‘mitaning hamraisi, Ogayo shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Stiv Chabot  bilan uchrashuv chog‘ida u O‘zbekiston rahbariyatini «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.
«Toshkent konferensiyasi mintaqaning ulkan iqtisodiy, transport va gumanitar salohiyatidan foydalangan holda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi», - dedi kongressmen.
Stiv Chabot AQSH Kongressiga 1995 yil yanvar oyida saylangan. U Tashqi ishlar, sud va kichik biznes qo‘mitalarining a’zosi.
AQSH Kongressiga Nyu-Jersi shtatidan saylangan kongressmen, Demokratik partiya a’zosi Endryu Kim O‘zbekiston ilgari surayotgan mintaqaviy siyosatni qo‘llab-quvvatlar ekan, bunday siyosat Markaziy Osiyoda ishonch va o‘zaro tushunish muhitini mustahkamlashga hissa qo‘shayotganini qayd etdi. Kongressmen Toshkentda o‘tkazilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro anjumani yakunlariga yuqori baho berdi. Ushbu anjuman davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish imkonini berishini va davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda transport aloqalarini kengaytirish orqali Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlashini  bildirdi.
Endryu Kim AQSH Kongressiga 2019 yil yanvar oyida saylangan. Etnik koreyslardan Kongressga saylangan birinchi vakil, Demokratik partiya a’zosi. U Qurolli kuchlar, tashqi ishlar va kichik biznes qo‘mitalari faoliyatida ishtirok etadi.


Tennessi shtatidan respublikachi kongressmen Tim Burchett bilan uchrashuv chog‘ida amerikalik qonun chiqaruvchi AQSH va O‘zbekiston munosabatlaridagi hozirgi yuqori darajadagi izchillikdan, jumladan, parlamentlararo hamkorlik aloqalaridan mamnuniyat bildirdi. Kongressmenning aytishicha, parlamentlararo yaqin aloqalar ko‘p qirrali strategik sheriklikni targ‘ib qilishning muhim ko‘magiga aylanishi kerak. Shu munosabat bilan Tim Burchett AQSH Kongressi vakillari bilan hamkorlikni yanada jadallashtirish zarurligini ta’kidladi.
Tim Burchett AQSH Kongressiga 2019 yil yanvar oyida saylangan. U Osiyo, Tinch okeani va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha Subqo‘mita a’zosi va  AQSH Kongressiningg Tashqi ishlar qo‘mitasida Yadro tarqalishiga qarshi kurash hamda  Transport va infratuzilma bo‘yicha qo‘mitalarining a’zosi.


O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, amerikalik qonun chiqaruvchilar bilan uchrashuvlar natijasida O‘zbekiston-AQSH hamkorligining dolzarb masalalari yuzasidan muntazam muloqotlarni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Kongressmenlar Vakillar palatasidagi «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» guruhiga qo‘shilish bo‘yicha qiziqishini tasdiqladi. Ular ushbu do‘stlik guruhi Kongressda keng qo‘llab-quvvatlanayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, AQSH Kongressi a’zolari 2021 yilning kuzida AQSH delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishni rejalashtirayotgan Missisipi shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Trent Kelli bilan birga mamlakatimizga safar qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Tojikis...

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Tojikistonning yangi tayinlangan elchisini qabul qildi

Oliy Majlis Senati yalpi majlisining o‘t...

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda...

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Moskvad...

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiy...

So`nggi yangiliklar