Uz / Ўз Ru En

Toshkent

03/Mart/2021   Media

O‘zbekiston elchisining maqolasi Xitoyning nufuzli davriy nashrlarida chop etildi


PEKIN, 3-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Baxtiyor Saidovning «China Daily» xalqaro kundalik gazetasida «O‘zbek-Xitoy hamkorligi tobora chuqurlashmoqda» («Uzbek-Chinese cooperation to deepen further») sarlavhali maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Shuhrat Umirov.

Unda O‘zbekiston Respublikasi va XXR o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari shitob bilan ravnaq topayotgani hamda so‘nggi yillar davomida bu borada qo‘lga kiritilgan salmoqli natijalar yaqqol dalillar asosida yoritib berilgan.

Xususan, maqolada O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida bayon etilgan eng muhim jihatlar va ustuvor vazifalarga, shuningdek, mamlakatimiz rahbarining xalqaro va mintaqaviy tashabbuslariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Qayd etilganidek, keyingi yillar davomida savdo, sarmoyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari va boshqa barcha sohalarda ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishda yuqori o‘suvchanlik kuzatildi. Pandemiya oqibatlariga qaramasdan, ikki mamlakat nafaqat har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash tamoyilini saqlab qolish, balki birgalikda o‘zaro amaliy hamkorlikning yangi qirralarini belgilab olishga ham muyassar bo‘ldi.

Maqolada taʼkidlanganidek, oliy darajadagi faol siyosiy muloqot ikki tomonlama hamkorlik rivojlanishidagi o‘suvchanlikning asosiy omili bo‘ldi. 2017 yil may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga birinchi davlat tashrifi chog‘ida Xitoy Raisi Si Szinpin bilan samarali muzokaralar natijasi o‘laroq, davlatlar rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash uchun o‘zaro hamkorlikning ustuvor sohalarini belgilab oldilar.

2018 yili Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasidagi muzokaralar ikki tomonlama munosabatlar ravnaqiga yangicha turtki berdi. Ikki davlat rahbarlarining 2019 yili Pekinda bo‘lib o‘tgan «Bir makon, bir yo‘l» Xalqaro forumi doirasidagi uchrashuvida ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashning «yangi nuqta»lari belgilab olindi. 

O‘zbekiston va Xitoy yetakchilarining 2020 yil 7 may kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqoti chog‘ida ikki tomonlama ahamiyatga molik keng qamrovli masalalar muhokama etildi. Covid-19ga qarshi kurash va uning oqibatlarini bartaraf etishda birgalikda faol harakat qilish, pandemiya sharoitida turli sohalardagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish yuzasidan o‘zaro kelishuvlarga erishildi.

Ushbu maqolada mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo, iqtisodiyot va investitsiyalar sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning yuqori o‘suvchanligi tamoyili hamda bu mamlakat O‘zbekistonning birinchi savdo sherigi sifatidagi o‘z o‘rnini saqlab kelayotgani bilan bog‘liq maʼlumotlar ham o‘z ifodasini topgan.

Shuningdek, maqolada mintaqalararo hamkorlik, kambag‘allikni qisqartirish va yana boshqa ko‘plab sohalar bo‘yicha yaqin aloqalar o‘zaro hamkorlik ravnaqi uchun xizmat qilayotgani qayd etilgan.

Mazkur maqola gazetaning internet tarmog‘idagi veb-sahifasida ham eʼlon qilindi.

«China Daily» gazetasi Xitoyning ingliz tilida chop etiladigan asosiy xalqaro kundalik nashri hisoblanadi. Milliy gazeta sifatida 1981 yildan buyon nashr etiladigan gazeta nafaqat jahon axborot tarmog‘idagi veb-sahifasi, balki Facebook, Twitter, Sina, Weibo va WeChat singari ijtimoiy tarmoqlarda ham dunyo bo‘yicha 200 milliondan ziyod o‘quvchi eʼtiboriga xabar-maqolalar havola qiladi.  

Xitoyda chop etiladigan yana bir nufuzli matbaa nashri - «Beijing Review»  jurnali sahifasida ham mamlakatimizning Xitoydagi diplomatiya vakolatxonasi rahbari qalamiga mansub maqola eʼlon qilindi. Unda ham ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari tobora ravnaq topayotgani, buning uchun xizmat qilayotgan muhim omillar to‘g‘risidagi atroflicha maʼlumotlar o‘z ifodasini topgan.

«Beijing Review»  Xitoyning ingliz tilida nashr qilinadigan yagona haftalik milliy yangiliklar jurnali hisoblanadi. 1958 yildan buyon chop etiladigan mazkur davriy nashrda mamlakatning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotiga doir xabar-maqolalar, shuningdek, asosiy mintaqaviy va xalqaro voqealarga doir tahliliy  materiallar chop etiladi. Butun Xitoy hududida tarqatiladigan ushbu jurnal dunyoning 5 qitʼasida joylashgan 150 dan ziyod mamlakatda ham o‘z o‘quvchilariga ega. 

Mavzuga oid

Eron matbuoti: “Yangi O‘zbekiston” ibora...

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-yilligi munosabati bilan Prezident Shavka...

«El Mundo Financiero»: O‘zbekistonni ist...

Ispan tilidagi eng yirik «El Mundo Financiero» onlayn-nashri O‘zbekistonda amalga oshirila...

Misrning “Samir” bolalar jurnalida “Za...

“Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan BMTning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlik...

So`nggi yangiliklar