Uz / Ўз Ru En

Toshkent

17/May/2021   Dolzarb

O‘zbekiston elchixonasi Ukraina orqali Yevropa davlatlariga chiqishni rejalashtirayotgan mamlakatimiz fuqarolarini turli firibgarliklar tuzog‘iga tushib qolishdan ogohlantirmoqda


KIYEV, 17-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning xalqaro havo qatnovlari faollashib borayotgani bois xorijiy davlatlarga, jumladan, Ukrainaga yo‘l olayotgan respublikamiz fuqarolarining soni ortayotgani kuzatilmoqda. Mamlakatimizning Kiyevdagi elchixonasi maʼlum qilishicha, ularning aksariyati Ukraina hududidan Yevropa davlatlariga chiqish uchun tranzit zonasi sifatida foydalanishga intilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bu holat Kiyevda Yevropa davlatlariga borish uchun xizmat ko‘rsatadigan qator viza markazlari faoliyat ko‘rsatayotgani, Yevropa shaharlariga avia chiptalarning nisbatan arzonligi hamda G‘arb mamlakatlariga ishchi kuchini jo‘natish bilan shug‘ullanadigan jismoniy va yuridik shaxslar (vositachilar) ish olib borayotgani bilan izohlanadi.

Biroq o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatimiz fuqarolari aksariyat hollarda mahalliy tilda so‘zlasha olmasligi, huquqiy bilimsizligi va boshqa sabablar bilan turli firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolmoqda.

Shu munosabat bilan, O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukraina orqali Yevropa davlatlariga bormoqchi bo‘layotgan mamlakatimiz fuqarolariga murojaat yo‘lladi.

Unda, jumladan, so‘nggi paytlarda Ukrainada turli firibgarlar tomonidan tashkil etilgan uyushgan guruhlar tomonidan yurtdoshlarimizga Yevropa va Amerika mamlakatlariga ishga borish uchun yordam ko‘rsatishni vaʼda qilish holatlari ko‘p uchrayotgani maʼlum qilinar ekan, bunday guruhlar vakillari moddiy manfaatdorlik evaziga qisqa muddatda rasmiy xorijiy viza va zarur hujjatlarni tayyorlab berish xizmatlarini taklif qilayotgani qayd etilgan.

“Ayrim fuqarolarimiz bilib-bilmay ana shunday firibgarlarning aldoviga uchishi oqibatida pulidan ayrilib, begona yurtlarda qiyin ahvolga tushib qolmoqda. Yana achinarli tomoni shundaki, vatandoshlarimiz o‘zga davlat qonunchiligini buzgani uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi hollari ham sodir bo‘lmoqda”, - deya taʼkidlanadi elchixonaning murojaatida.

Yuqoridagilarni nazarda tutgan holda, mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasi fuqarolarimizdan ehtiyot bo‘lishni, zarur hollarda huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilishni so‘ragan. Murojaatnomada Ukrainada bunday noqonuniy harakatlar bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan qonun doirasida javobgarlik belgilangani ham eslatib o‘tilgan.

Shu bilan birga, firibgarlarning noqonuniy harakatidan jabr ko‘rgan mamlakatimiz fuqarolari O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasiga +38 (044) 501-41-82 va +38 (044) 501-41-83 telefon raqamlari, embassy@uzbekistan.org.ua elektron pochtasi yoxud +38 (097) 579-23-66 raqamiga ulangan Telegram tarmog‘i orqali murojaat qilishi mumkinligi ham yurtdoshlarimizning eʼtiboriga havola etilgan.

Mavzuga oid

«Gpriority» gazetasi: O‘zbekistonda bar...

Indoneziyaning yetakchi «Gpriority» gazetasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev r...

Ozarbayjon elchisi: O‘zbekistonning IHK...

Ozarbayjon elchisi Guseyn Guliyev O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi (I...

BMT vakolatxonasi va “Zamin” fondi tomon...

BMTning ixtisoslashgan muassasalari «Zamin» xalqaro jamoat Fondining har yili 20-noyabrda ...

So`nggi yangiliklar