Uz / Ўз Ru En

Toshkent

25/Iyun/2022   Sayyohlik

O‘zbekiston elchixonasi vakillari Malayziyaning Islom turizmi haftaligida ishtirok etdi

KUALA-LUMPUR, 25-iyun. /IA “Dunyo”/. O‘zbekiston elchixonasi Putrajayya shahrida o‘tkazilgan Malayziya Islom turizmi haftaligining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Tadbirni mamlakat turizm, sanʼat va madaniyat vaziri Nensi Shukri hamda vazirlik huzuridagi Islom turizmi markazi Bosh direktori Mohmed Razip Hasan ochib berdi.

Nensi Shukri tomonidan turizm va mehmondo‘stlik sohalari hamda ularga bevosita bog‘liq bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlarining to‘liq tiklanishini taʼminlash maqsadida Malayziya hukumati xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor berayotganini maʼlum qildi. Shu o‘rinda Malayziya tomoni xorijiy sheriklar, xususan birodar O‘zbekiston bilan birgalikda o‘zaro turizm salohiyatini keng targ‘ib qilishga tayyorligini bildirdi.

Vazir Malayziya turizm salohiyatini keng va tizimli targ‘ib qilish strategiyasiga to‘xtalib, mamlakatning dunyodagi yetakchi 10 ta sayyohlik yo‘nalishlari sifatida o‘rnini tiklash rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Mamlakat chegaralari joriy yil 1 aprelidan ochilganidan so‘ng tashrif buyuruvchilar oqimi iyun oyi holatiga ko‘ra 2 milliondan oshgani sababli, yilning oxirigacha kamida 4,5 million sayyohni qabul qilish rejasi eʼlon qilindi. Bugungi kunda sayyohlar oqimi asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va muntazam reyslar amalga oshiriladigan mamlakatlar va qo‘shni Singapur bilan tiklanib bormoqda.

Mohmed Hasan “Jahon musulmon turizmi indeksi” reytingida Malayziyaning joriy yilda ham birinchi o‘rinni egallaganini taʼkidlab, mazkur yo‘nalishdagi ilg‘or tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir doirasida Malayziya mutasaddilari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Xususan, Islom turizmi markazi bosh direktori bu yil O‘zbekiston xalqaro reytingda yana 7 pog‘ona yuqorilab, 138 mamlakat orasida 9-o‘rinni egallaganini alohida eʼtirof etdi. Shu o‘rinda, respublika turizm infratuzilmasining jadal rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar, jumladan Samarqand shahridagi zamonaviy aeroport ishga tushirilishi hamda barpo etilayotgan Samarqand xalqaro turizm markazi loyihasini Malayziya tomoni yuqori baholadi.

Turizm sohasida ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik loyihalarining muhokamasi natijasida respublika Turizm va madaniy meros vazirligi bilan tuzilgan ishchi guruh faoliyatini jadallashtirish hamda Malayziya Islom turizmi markazi rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bo‘lajak tashrif doirasida O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi xodimlari, viloyat va shahar hokimlarining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, turizm sohasi boshqa vakillarining malakasini oshirish va ilg‘or tajriba almashish maqsadida o‘quv seminari tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Mavzuga oid

Oʼzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsul...

Joriy yil sentyabr oyida "Toshkent-Istanbul-Toshkent" yoʼnalishi boʼyicha muntazam reyslar...

Malayziya turizm, sanʼat va madaniyat va...

Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetining ilk bit...

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi...

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston yoshlari umu...

So`nggi yangiliklar