28/May/2022 Ilm-fan
TOSHKENT, 28 may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan Turkiya Fanlar akademiyasi va Osiyo Fanlar akademiyalari hamda jamiyatlari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro simpoziumda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safar davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamda Turkiya Fanlar akademiyasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi. Shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi delegatsiyasi Istanbul shahrida Turkiya ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar kengashi prezidenti, professor Hasan Mandal, Istanbul Zaim universiteti prezidenti va rektori, professorlar M.Bulut va A.Azhar hamda Namik Kamol universiteti professorlari F.Guktepe va U.Guktepe bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Turkiya ilmiy va oliy taʼlim muassasalari rahbarlari bilan kechgan mloqot chog‘ida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi delegatsiyasi Turkiyaning Marmara ilmiy tadqiqotlar markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Markazdagi Suvni tozalash texnologiyalari, Polimerlar kimyosi, Yuqori temperaturalar va materialshunoslik hamda Biotexnologiyalar laboratoriyalari o‘zbek olimlarida katta taassurot qoldirdi.
Markaz olimlari va tadqiqotchilari ishtirokida seminar tashkil etildi, unda ikki tomonama hamkorlik istiqbollari xususida fikr almashildi.
Muloqot natijasida joriy iyun oyi Marmara ilmiy tadqiqotlar markazi vakillarining O‘zbekistonga ilmiy safarini yuqori saviyada tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.