Uz / Ўз Ru En

Toshkent

31/Yanvar/2023   Jamiyat

«O‘zbekiston fuqarolarini tinglab» loyihasining 5 yillik natijalari maʼlum qilindi

TOSHKENT, 31-yanvar. /“Dunyo” AA/. «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan Jahon banki va Buyuk Britaniya taraqqiyot dasturi hamkorligida o‘tkazilgan «O‘zbekiston fuqarolarini tinglab» loyihasining 5 yillik natijalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


2017 yilda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi va 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizda tizimli islohot va chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Markaz axborot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Jahon banki bilan birgalikda 5 yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan «O‘zbekiston fuqarolarini tinglab» loyihasining maqsadi aynan mazkur savolga javob berishni o‘z ichiga qamrab olgan. Mazkur loyiha O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning fuqarolar hayotida qanchalik aks etayotganini o‘rganib borayotgan yagona tadqiqot hisoblanadi.

Tadbir avvalida so‘z olgan «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, Jahon banki vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli hamda Buyuk Britaniya elchisi Tim Torlot loyihaning ahamiyati va o‘tgan besh yilda uning O‘zbekistondagi asosiy o‘zgarishlar va siyosatni ishlab chiqishga qo‘shgan hissasi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Eldor Tulyakov aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmushini yaxshilashda «O‘zbekiston fuqarolarini tinglab» loyihasi tadqiqotlari muhim o‘rin tutishini eʼtirof etdi.

– Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri - bu tadqiqot natijalari asosida sifatli va aniq manzilga yo‘naltirilgan siyosiy qarorlarni qabul qilinishga ko‘maklashish va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratish hisoblanadi, – dedi u. – Taʼkidlash joizki, ushbu loyiha doirasida o‘tgan besh yilda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan 30 ga yaqin mahalliy va xalqaro darajadagi davra suhbatlari, 100 dan ortiq turli mavzularda o‘zaro uchrashuvlar tashkil etildi hamda tadqiqotlar natijalari va shu asosda ishlab chiqilgan xulosalar tegishli davlat organlari va soha mutaxassislariga taqdim etib borildi.

Tadbirning asosiy maʼruzachilaridan biri Jahon banki katta iqtisodchisi Uilyam Zeyts tomonidan loyiha tadqiqotlari natijalari xususida batafsil maʼlumot berib o‘tildi.

Shuningdek, mahalla raislari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari yuzasidan Jahon bankining ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha katta mutaxassisi Robert Vrobel o‘z tahlillarini taqdim etdi.

- Ayni paytda davlat va fuqarolar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaruvchi mahalla raislari tomonidan aholining kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, xonadonlar bilan ishlash, ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritish bo‘yicha tavsiyalar berishda mahalla raislari faollik ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, so‘rovnomalar natijalari joriy etilayotgan aholiga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi 2021 yilga nisbatan ijobiy natija berganligini qayd etish lozim.

Anjumanda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Baxtishod Hamidov, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining ishchi guruhi rahbari Muhabbat Ahmedova, Jahon banki mutaxassisi Sevilya Muradovaning O‘zbekistonda iqtisodiy-ijtimoiy sohalarga oid dolzarb mavzulardagi maʼruzalari tinglandi.

Tadbir doirasida Kambag‘allikni qisqartirish, bandlik va aholi farovonligini oshirish hamda Gender tenglikni taʼminlash, ayollar faolligini oshirish va taʼlim mavzularida ikki sessiya o‘tkazildi.

Mavzuga oid

AQSHning ikkita nufuzli oliy taʼlim muas...

Toshkent shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Firdavs Abduqayumovga O‘zbeki...

O‘zbekiston va Polsha chegara va migrats...

O‘zbekiston delegatsiyasi Varshavaga tashrifi davomida Yevropa chegara va sohil qo‘riqlash...

Xitoydan qaytayotgan yurtdoshlarimiz max...

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliev ...

So`nggi yangiliklar