Uz / Ўз Ru En

Toshkent

05/Avgust/2020   Sport

O‘zbekiston Futbol Assosiatsiyasi prezidenti FIFA va OFK prezidentlari bilan mamlakatimiz va mintaqa futbolini rivojlantirishga doir kelgusi vazifalarni muhokama qildi


TOShKENT, 5 avgust. /«Dunyo» AA/. FIFA prezidenti Janni Infantino va OFK prezidenti Shayx Salmon Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (SAFA) tarkibiga kiruvchi futbol assotsiatsiyalari rahbarlari bilan videokonferensiya shaklida muloqot o‘tkazdi. Onlayn anjumanda O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri O‘FA manbasiga asoslanib.

Tadbirda mintaqada futbolni rivojlantirish bilan bog‘liq vaziyat va kelajakdagi rejalar bo‘yicha fikr almashildi.

Butun dunyoda koronavirus pandemiyasi hukm surayotganiga qaramay, futbol uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borilishini ta’minlash uchun xalqaro futbol uyushmalari va a’zo assotsiatsiyalar qator sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, Janni Infantino tomonidan FIFAning bu boradagi ishlarni amalga oshirish bo‘yicha tajribasi tanishtirildi. OFK prezidenti Shayx Salmon esa Osiyoda hukm surayotgan vaziyat bo‘yicha hisobоt berdi.

Onlayn konferensiyada O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov ishtirokchilarga murojaat qildi:

«Hurmatli hamkasblar, dastlab shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, O‘zbekiston FIFA prezidenti Janni Infantinoni hozirgi murakkab vaziyatda to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi hamda ishonch bildiradi. Barcha qiyinchiliklar tez fursatda o‘z yechimini topishi va FIFA o‘zining yuksak mavqeini tasdiqlashiga ishonchim komil.

Epidemiologik vaziyat jiddiyligiga qaramay, karantinning dastlabki kunlaridan boshlab, O‘FA onlayn rejimda ish olib bormoqda. Avvaldan rejalashtirilgan qisqa va uzoq muddatli rejalar bo‘yicha tegishli vazifalar bajarilmoqda.

May oyida O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat bir muncha yaxshilanganidan so‘ng, O‘FA va PFL karantin va gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda professional ligalar uchrashuvlarini tomoshabinlarsiz davom ettirish uchun Covid-19 maxsus tibbiy protokolini ishlab chiqdi. O‘zbekiston Superligasiga 13 iyun kuni qayta start berildi va musobaqa 20 iyulgacha davom etdi.

O‘zbekiston chempionatini qayta tiklash joriy yilning 14 avgustidan rejalashtirilgan va liganing 1-bosqich o‘yinlari markazlashtirilgan formatda o‘tkaziladi.

Shuningdek, O‘FA pandemiya paytida terma jamoalar uchun karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etmoqda.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Ushbu tadbir O‘zbekistonda birinchi marta uchta shaharda 2020 yilning 14-31 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu pandemiya davrida dunyodagi birinchi markazlashtirilgan xalqaro futbol musobaqasi bo‘ladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi hukumati terma jamoalar uchun birinchi Futbol markazini qurish uchun 12 gektar maydon ajratdi. Ushbu loyiha FIFA va OFK vakillari bilan muhokama qilinganidek, O‘zbekistonning erkaklar va ayollar terma jamoalari xalqaro musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun katta imkoniyatlarini yaratadi.

Ushbu markaz 160 o‘rinli mehmonxona kompleksi, 7 ta standart futbol maydoni, reabilitatsiya va ilmiy-uslubiy markaz va boshqa zarur sharoitlarni o‘z ichiga oladi», - dedi O‘FA Prezidenti.

O‘FA rahbari Shuningdek, FIFA va OFK prezidentlarini O‘zbekistonda o‘tadigan U19 Osiyo chempionatiga taklif etdi va ularning tashrifi butun mamlakat futbol jamoatchiligi hamda futbol ishqibozlarini xursand etishini alohida ta’kidladi.

Muloqot do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.

Konferensiya doirasida Eron, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston hamda Afg‘oniston futbol assotsiatsiyalari rahbarlari o‘tgan davr mobaynida bajarilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Mavzuga oid

Rotterdamda vatandoshlar ishtirokida min...

Rotterdamda (Niderlandiya) O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi ko‘magi ...

Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti ...

Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer Toshkentga keldi.

Lyudmila Karachik: Futbol bo‘yicha Ayoll...

FIFA.com saytida nemis tilida Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi, To...

So`nggi yangiliklar