27/Mart/2023 Hamkorlik
TOSHKENT, 27-mart. /«Dunyo »AA/. O‘zbekiston mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, kichik serjantlar Anvar Tursunov va Azamat Kenjayev joriy yilning 17-24 mart kunlari AQSHning Missisipi shtati «Camp Shelby» harbiy o‘quv bazasida bo‘lib o‘tgan «Eng ilg‘or jangchi–2023» musobaqasida munosib ishtirok etishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti maʼlumotiga ko‘ra, xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus bo‘linmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish kabi maqsadlarda tashkil etilgan musobaqada harbiy xizmatchilarimiz AQSH Milliy gvardiyasining maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashdi.
Musobaqa davomida harbiy xizmatchilarimiz yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (6 ta mashqni o‘z ichiga olgan fitnes test), jismoniy va ruhiy zo‘riqish yo‘lagidan o‘tish, tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash, 15 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik bo‘yicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam bo‘lmagan so‘z), artilleriya olovini boshqarish, AQSH namunasidagi o‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga yoyish, yig‘ish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda o‘q otish, tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajardilar.
Harbiy xizmatchilarimiz 15 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 54 daqiqa ichida bajarib musobaqa rekordini yangiladi.
Musobaqada O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari yuqori intellektual salohiyati, jismonan chiniqqanligi hamda g‘alabaga bo‘lgan ishonchi bilan ishtirokchilar orasida yaqqol ajralib turdi hamda eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan holda g‘olib bo‘lishdi.