07/Fevral/2023 Hamkorlik
ROSTOV-DON, 7-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz diplomatlarining Volgogradga tashrifi doirasida mazkur viloyat Iqtisodiy siyosat va rivojlanish qo‘mitasi raisi G.Bikadorova va Qishloq xo‘jaligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari E.Tarasova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, xususan, Volgograd va Jizzax viloyatlarining qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Volgograd shahrida «Made in Uzbekistan» maishiy texnika, yengil va to‘qimachilik sanoati namunalari hamda boshqa mahsulotlar yarmarkasini o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Viloyat vakillari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qildi.
Shuningdek, o‘zaro sayyohlik oqimini faollashtirish, madaniy-gumanitar jabhadagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi.