24/Iyun/2022 Dolzarb
PEKIN, 23 iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi ko‘magida Xitoyning Chunsin shahridagi Janubi-g‘arbiy universitet bazasida O‘zbekiston mutaxassislari uchun kambag‘allikni qisqartirish masalasiga bag‘ishlangan navbatdagi onlayn-seminar bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur andjuman O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Xitoy qishloq hududlarini qayta tiklash davlat boshqarmasi va Chunsin shahri hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminarda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va uning hududiy boshqarmalaridan 30 nafardan ziyod xodim qatnashmoqda.
Taʼkidlash joizki, Janubi-g‘arbiy universitet kambag‘allikka qarshi o‘quv treninglarini o‘tkazishda ilg‘or tajribaga ega bo‘lib, mazkur oliy bilim yurtida Kambag‘allikni qisqartirish va rivojlanish bo‘yicha milliy hamkorlik markazi faoliyat olib bormoqda.
Chunsin shahri esa kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha Xitoyning eng namunali hududlaridan biri hisoblanadi. 2016-2019 yillar davomida mazkur hududda qariyb 2 million nafar odam kambag‘allikdan chiqarilgan.
Seminarda yetakchi professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish siyosatining turli jihatlari, hukumat va mintaqaviy darajada ushbu yo‘nalishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida taqdimotlar va maʼruzalar o‘tkazishi o‘quv dasturiga kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, 7-8 iyun kunlari kambag‘allikni qisqartirish sohasida Xitoyning Shensi provinsiyasi Yanlin zamonaviy qishloq xo‘jaligi yuqori texnologiyalari ko‘rgazma hududi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik 50 nafardan ortiq mutaxassis uchun ham onlayn-seminar tashkil etilgan edi.