Uz / Ўз Ru En

Toshkent

01/Dekabr/2022   Dolzarb

O‘zbekiston Konstitutsiyasi – erkin va farovon hayotimiz kafolati

TOSHKENT, 1-dekabr. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizda «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – inson qadrini ulug‘lash, erkin va farovon hayotimiz kafolati» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Shuni qayd etish kerakki, davlat va jamiyat hayotining asosiy tamoyillarini belgilab beruvchi, inson huquq va erkinliklarining huquqiy kafolati vazifasini o‘tovchi Konstitutsiya – nafaqat davlatchilikning muhim ramzi, balki har bir xalqning milliy g‘ururi va o‘z-o‘zini hurmat qilishining huquqiy timsoli hamdir.

Shu bois mamlakatimizda har yili dekabr oyi boshida Konstitutsiya dekadasini nishonlash odat tusiga kirgan. Bu yil Asosiy qonunimizning 30 yilligi tantanalari konstitutsiyaviy islohot jarayonlari bilan uyg‘unlik va hamohanglik kasb etmoqda.

Umumxalq muhokamalarida fuqarolar tomonidan kelib tushgan 160 mingga yaqin takliflar asosida O‘zbekiston Konstitutsiyasining 76 ta moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ko‘ra, Asosiy qonunni 15 ta yangi modda va 1 ta yangi bob bilan to‘ldirish rejalashtirilgan.

Bugun bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – inson qadrini ulug‘lash, erkin va farovon hayotimiz kafolati» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida ham shu haqda so‘z bordi.

Konstitutsiyamizning 30 yilligiga bag‘ishlangan ushbu anjuman O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti va Toshkent Davlat transport universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Anjuman doirasida o‘tgan yillar mobaynida Asosiy qonunimizning bosib o‘tgan yo‘li xususida fikr almashildi. Shu maqsadda yalpi majlis va bir nechta shoʻbadan iborat yig‘ilishlarda qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi.

Yalpi majlisda Konstitutsiyaviy komissiya raisi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti qoshidagi O‘zbekistonda yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi, akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston Prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish tadqiqotlari markazi direktori Shuhrat Yaqubov maʼruza qildi.

Konferensiyada O‘zbekiston Konstitutsiyasining jamiyat va davlat hayotini yangi bosqichga ko‘tarishdagi roli alohida taʼkidlandi. Xususan, taʼlim tizimida Konstitutsiyani o‘rganishning nazariy va amaliy jihatlari, xalqaro huquq va milliy qonunchilikning o‘zaro taʼsiri muammolari tahlil qilindi.

So‘zga chiqqanlar Konstitutsiyamizning milliy davlatchilikni shakllantirishdagi o‘rni, ijod erkinligining konstitutsiyaviy asoslari, konstitutsiyaviy normalarning amaliy ijrosini taʼminlashning ustuvor yo‘nalishlari xususida atroflicha fikr yuritdilar.

Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida besh jildlik «Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlari tajribasi» kitobining uch jildi, «Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar Konstitutsiyalari» va «Jahon Konstitutsiyalari» kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

«Davlat va huquq instituti xodimlari tomonidan tayyorlangan ushbu nashrlar konstitutsiyaviy-huquqiy savodxonlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi», deyiladi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi manbasida.

Mavzuga oid

O‘zbekiston delegatsiyasi IHT Tashqi ish...

Kecha Islomobodda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligidagi delegatsiya ...

Qozog‘iston Elchisi: O‘zbekistonning BMT...

Qozog‘iston elchisi Darxan Satibaldi mamlakatimizning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengash...

Toshkentda tinchlik va xavfsizlikni taʼm...

2021 yil 16-17 dekabr kunlari Toshkentda “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibi ham...

So`nggi yangiliklar