24/Iyul/2021 Eksport
O‘zbekiston mahsulotlari Janubiy Koreyadagi xalqaro ko‘rgazmada taqdim etildi
SEUL, 24-iyul. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston elchixonasi Janubiy Koreya poytaxtida o‘tkazilayotgan «Import Goods Fair» import mahsulotlari 18-yillik xalqaro ko‘rgazmasi ishida faol ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Ko‘rgazma Janubiy Koreya Importchilar uyushmasi (KOIMA) va Koreya Respublika savdo, sanoat va energetika vazirligi tomonidan tashkil etildi. Tadbir 22 -24-iyul kunlari «COYeX» ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Janubiy Koreyada akkreditatsiyadan o‘tgan 38 ta diplomatiya vakolatxonasi rahbarlari va vakillari, KOIMA raisi va vitse-raislari, Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vazirligining savdo-iqtisodiy va xalqaro ishlar bo‘yicha bosh direktorlari, Janubiy Koreya import qiluvchi kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, Janubiy Koreya savdo-sanoat palatasi, Janubiy Koreya mintaqaviy ma’muriyatlari vakillari ishtirok etdi.
Yillik import mahsulotlari yarmarkasi Janubiy Koreyada faqat importga yo‘naltirilgan ko‘rgazma bo‘lib, unda xorijiy kompaniyalar va elchixonalar Janubiy koreyalik xaridorlar va yetkazib beruvchilarga o‘z mahsulotlarini taqdim etish uchun eksponentlar sifatida ishtirok etadilar. Ko‘rgazmada 10 mamlakatdan 20 dan ortiq kompaniya va 5 mingdan ziyod mehmon qatnashdi. Unda oziq-ovqat va ichimliklar, kosmetika, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oshxona aksessuarlari, AT mahsulotlari, hunarmandchilik buyumlari, sport va bolalar kiyimlari kabi asosiy iste’mol tovarlari namoyish etildi.
O‘zbekiston stendida quritilgan meva-sabzavotlar, ichimliklar, qandolat mahsuloltlari, sharbat va nektarlar, shuningdek, hunarmandchilik va to‘qimachilik tovarlariining taqdimoti tashkil etildi. «Sunny Land Production», «SUBDRY», «Best Tastes Technologies», «Zebiniso Ona», «Oq Oltin Sladuz» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, shuningdek, O‘zbekiston alkogol va tamaki bozorini tartibga solish va vinochilikni rivojlantirish agentligi tarkibidagi kompaniyalar mahsulotlari Investitsiya va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportga ko‘maklashish agentligi ko‘magida Seul shahriga yetkazildi.
Shuningdek, savdo aloqalarini kengaytirish bo‘yicha ma’lumotlar, jumladan, taqdimotlar, risolalar va boshqa materiallar ko‘rinishida O‘zbekistondan yetkazib berishni tashkil etish bo‘yicha yangi takliflar bildirildi.
Tadbir doirasida mamlakatimiz elchixonasi xodimlari Janubiy Koreyaning yetakchi import qiluvchi kompaniyalari bilan aloqa o‘rnatib, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.