Uz / Ўз Ru En

Toshkent

14/Iyul/2020   Siyosat

O‘zbekiston mavzusi Xitoyning yetakchi OAV sahifalarida


PEKIN, 14 iyul. /“Dunyo” AA/. Zamonaviy O‘zbekiston hayotida ro‘y berayotgan muhim o‘zgarish va yangilanishlar Xitoyning yetakchi ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilyapti, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Jumladan, Chin yurtining yetakchi axborot agentligi – “Sinxua” o‘z manbalari orqali tarqatgan “O‘zbekistonda suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi qabul qilindi” sarlavhali axborot materialida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan farmon mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritiladi.

Asosiy maqsad – aholini va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini suv bilan barqaror ta’minlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv xo‘jaligiga bozor tamoyillari va mexanizmlarini hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, suv xo‘jaligi ob’ektlarining ishonchli ishlashini ta’minlash hamda yer va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishdir, deb yozadi agentlik.

Unda, jumladan, transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydigan suv resurslarini birgalikda boshqarishning o‘zaro maqbul mexanizmlari va suvdan samarali foydalanish dasturlarini ishlab chiqish hamda ilgari surish ushbu konsepsiyada nazarda tutilgan asosiy vazifalar sirasiga kirishi alohida ta’kidlangan.

Respublika suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish va rivojlantirish uchun xorijiy sarmoyalar hamda chet ellik mutaxassislarni keng jalb etish ham ko‘zda tutilgan.

“Hozirgi paytda O‘zbekistonda foydalanilgan o‘rtacha yillik suv miqdori 51-53 milliard kub metrni tashkil qiladi. Shundan 97,2 foizi daryo va soylardan, 1,9 foizi kollektor tarmoqlaridan, 0,9 foizi esa yer ostidan foydalanilgan resurslardir”, deb yozadi “Sinxua” axborot agentligi.

“O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida yangi sarmoyaviy bitim kuchga kirdi”. Chin yurtidagi yetakchi va ko‘p tillarda axborot uzatadigan Xitoy xalqaro radiosining internet tarmog‘idagi veb-sahifasida (CRI Online) e’lon qilingan yana bir axborot ana shunday nomlandi.

Unda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim joriy yilning 9 iyulidan e’tiboran kuchga kirgani bilan bog‘liq ma’lumotlar o‘quvchilar e’tiboriga havola qilingan.

“CRI Online”da alohida ta’kidlanganidek, mazkur hujjat qoidalariga muvofiq, ikki mamlakat investorlari tomonidan amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan ko‘proq qulaylik yaratish tartibi qo‘llaniladi. Bitim ikki davlat iqtisodiyotiga o‘zaro investitsiyalar oqimi uchun mustahkam asos yaratadi, shuningdek, salohiyatli xorijiy investorlar uchun har ikki mamlakatning investitsiya jozibadorligini oshiradi.

Xitoy xalqaro radiosi ushbu hujjat 2017 yil 25 oktyabrda, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiya Respublikasiga tashrifi chog‘ida imzolanganini ma’lum qilar ekan, “u 1992 yil 28 aprelda imzolangan avvalgi hukumatlararo Bitimni almashtiradigan hujjat” ekaniga alohida urg‘u beradi.

Shuhrat Umirov,
«Dunyo» AA muxbiri,
Pekin

Mavzuga oid

O‘zbekiston TIV rahbari va Koreya-O‘zbek...

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiy...

Finlyandiya maxsus vakili: O‘zbekiston A...

Qarorgohi Rigada joylashgan O‘zbekistonning Finlyandiyadagi elchisi Qadamboy Sultonov Finl...

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengash...

O‘zbekiston Respublikasining Jeneva shahridagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlard...

So`nggi yangiliklar