Uz / Ўз Ru En

Toshkent

16/Iyun/2022   Sport

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi qitʼa chempionati finaliga yo‘l oldi

TOSHKENT, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. Kecha mamlakatimizda o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogining yarim final o‘yinlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Quvonarli jihati shundaki, “Bunyodkor” stadionida o‘tkazilgan  O‘zbekiston-Yaponiya olimpiya terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda  mamlakatimiz vakillari zafar quchib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Taktik kurashlarga boy bo‘lgan o‘yinning 60-daqiqasida jamoamiz sardori Jasur Jaloliddinovning olis masofadan yo‘llagan zarbasi raqib darvozasi to‘ridan joy oldi. O‘yin yakunlanishiga sanoqli daqiqa qolganida Husayn Norchayev birga bir vaziyatdan unumli foydalangan holda amalda bellashuv taqdirini hal qildi.

Shu tariqa Temur Kapadze bosh murabiylik qilayotgan O‘zbekiston  olimpiyachilari  Yaponiya olimpiya terma jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etdi.

Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, 11-iyun kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston U-23 va Iroq U-23 terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdagi tartibsizlik  uchun OFK O‘zbekiston U-23 va Yaponiya U-23 termalari o‘rtasidagi yarim final o‘yini muxlislarsiz o‘tishi haqida qaror qabul qilgan edi. Shunday bo‘lsa-da o‘n mingdan ziyod muxlislar stadion yaqinida o‘rnatilgan katta monitor oldidan turib jamoamizni faol qo‘llab turishdi.

-Birinchi navbatda hammani g‘alaba bilan tabriklayman, - dedi O‘zbekiston olimpiya terma  jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze o‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida. - Biz finaldamiz. Yaponiya kuchli jamoa, tayyorgarlik jarayonida ularni yaxshilab o‘rganishga harakat qildik. Bugun yigitlar raqibga har tomonlama imkoniyat qoldirmay g‘alaba qozonishdi. Bu katta g‘alaba biz uchun. Ammo bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Saudiya Arabistonining ham kuchini yaxshi bilamiz. Ular bilan ko‘p to‘qnash keldik. Avval jamoamiz ushbu yosh toifasida g‘alaba qozongan. Biz chempion bo‘lishni istaymiz.

Shubhasiz, muxlislar bilan umuman boshqacha o‘yin bo‘lar edi. Biz o‘z uyimizda ekanimizni, stadion atrofida, televizor qarshisida qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz qo‘llab turishganini his qildik. Buning uchun barcha yurtdoshlarimizga rahmat aytaman.

 “Paxtakor” stadonida o‘tkazilgan Avstraliya U-23 va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi bahsda esa Saudiya terma jamoasi g‘alaba qozonib, finalga yo‘l oldi.

 Endi 19-iyun kuni “Bunyodkor” stadionida kechadigan final uchrashuvida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni jamoalari chempionlik va Osiyo kubogi uchun kurashadi.

Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 18:00 da boshlanadi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston sportchilari Osiyo chempiona...

Shu kunlarda Saudiya Arabistonida o‘tayotgan gandbol bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Osiyo che...

Mirjalol Qosimov mustaqil O‘zbekistonnin...

So‘rovnoma yana davom etadi, endi o‘zbek sporti ishqibozlari mustaqil O‘zbekistonning 2 va...

Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbari O‘...

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa boshchil...

So`nggi yangiliklar