Uz / Ўз Ru En

Toshkent

03/Fevral/2023   Parlament

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va BAA Federal milliy kengashi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi

TOSHKENT, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. Rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklarida  bo‘lib turgan  O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya  BAA Federal milliy kengashi raisi Saqr G‘obash bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.


Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda O‘zbekiston va BAA o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbarining ushbu davlatga rasmiy tashrifi ikki mamlakatning do‘stlik hamda sheriklik munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi, keng qamrovli hamkorlikni kengaytirishga kuchli turtki berdi. Tashrif doirasida savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm masalalari bo‘yicha hujjatlar, shuningdek, 10 milliard  AQSH dollaridan ortiq miqdorda savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi bitimlar imzolandi.

Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida O‘zbekiston va BAA parlamentlari o‘rtasidagi munosabatlar izchilligini taʼminlash, xususan, qonun ijodkorligi va parlament nazorati yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, gender tenglik va yoshlar masalalari bo‘yicha  o‘zaro tajriba almashish maqsadga muvofiq ekanligi bildirildi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva parlamentlararo hamkorlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi barcha darajadagi aloqalarni rivojlantirishda muhim mexanizmlardan biri hisoblanishi, oliy darajada erishilgan kelishuvlar asosida qabul qilingan «yo‘l xaritalari»da belgilangan vazifalar ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini o‘rnatish hamda bu sohada Amirliklar parlamenti bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va «xalq diplomatiyasi»ning muhim jihati hisoblangan «do‘stlik guruhlari» faoliyatini jonlantirish lozimligini taʼkidlab o‘tdi.

Ikki davlat parlamentlari aʼzolari hamkorlikning turli yo‘nalishlarida hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligini, iqtisodiyotning turli sohalaridagi tajribadan keng foydalanish zarurligini taʼkidlashdi. Bunda parlamentlarning birgalikda savdo-iqtisodiy, investitsiya, xizmatlar sohasidagi erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga xizmat qiladigan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

O‘z navbatida, BAA Federal milliy kengashi raisi Saqr G‘obash O‘zbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli, avvalambor, aholini ijtimoiy himoyalash, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish yo‘nalishidagi islohotlarni yuqori baholadi. Saqr G‘obash ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy, investitsiya sohasidagi hamkorlik Amirliklar uchun ustuvorligini aytib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu muhim masalaga alohida eʼtibor berayotganini inobatga olib, BAA Federal milliy kengashi O‘zbekistonda investitsiya qonunchiligini takomillashtirish sohasida Oliy Majlis vakillari bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Suhbat davomida keng qamrovli hamkorlik, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi bildirildi. Xususan, Oliy Majlis Senati Federal milliy kengashi bilan oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, tegishli qo‘mitalar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, elektron parlament joriy etishda tajriba almashish kabi masalalarda kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunida ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar, turistik va boshqa aloqalarni rivojlantirishga hamda mustahkamlashga qaratilgan parlament faoliyatini, parlamentning qonun ijodkorligi va nazorat funksiyalarini samarali amalga oshirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy, turistik va boshqa sohalarda qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyotini rivojlantirish borasida axborot va tajriba almashishni kengaytirish kabi masalalarni qamrab olgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va BAA Federal milliy kengashi o‘rtasida Hamkorlik memorandum imzolandi.

Mavzuga oid

Qonunchilik palatasi Spikeri va BMT max...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov Birlashgan Millat...

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Xitoy hukumat...

O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ...

Misrning “Al-xabar al-Yaum” gazetasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev faoliyati va...

So`nggi yangiliklar