24/Mart/2022 Prezident
TOSHKЕNT, 24-mart. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suxayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida yuqori darajadagi mehmon BAA Prezidenti Shayx Xalifa ol-Nahayon, Abu-Dabi amirligi Valiahd shahzodasi, BAA Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad ol-Nahayon va mamlakat Bosh vaziri, Dubay Amiri Muhammad ol-Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Vazir xorijiy biznesning mamlakatimizga bo‘lgan katta qiziqishini yana bir bor tasdiqlagan Toshkent forumining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Uchrashuvda amaliy hamkorlikni, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika va transport sohalarida oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
“Yashil” energetika sohasidagi hamkorlik natijilari yuqori baholandi. Masdar kompaniyasi mamlakatimiz hududlarida fotoelektrik va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha qator yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.
Investitsion hamkorlikni kengaytirish va ustuvor tarmoqlarda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi.