Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Yanvar/2021   Siyosat

O‘zbekiston Prezidenti joylarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi


TOSHKENT, 27 yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bandligini taʼminlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib.

Mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod. Bu – aholining qariyb 55 foizini tashkil etadi. Zamon talablarini ilg‘ash va amalga oshirish, soha va tarmoqlarni olg‘a boshlashda bu juda katta tayanch, bebaho xazinadir.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston yoshlari forumi hamda Oliy Majlisga Murojaatnomasida yosh avlod manfaatlariga qaratilgan muhim g‘oya va tashabbuslarni ilgari surgan edi. 2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, deb eʼlon qilindi.

Bugungi yig‘ilishda o‘sha forum va Murojaatnomada aytilgan takliflarni amalga oshirish, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha tizimni joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu ishlar ikkita muhim yo‘nalishda tashkil qilinishi zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Birinchisi – yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish orqali ularning bandligini taʼminlash bo‘lsa, ikkinchisi – yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishdir.

Bugungi kunda 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz ekani qayd etildi. Shu boradagi masalalarni tizimli hal etish maqsadida Respublika ishchi guruhi joylarda o‘g‘il-qizlarning takliflarini “mahallabay” o‘rganmoqda. Bu o‘rganishlar yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini taʼminlash, ular uchun kredit ajratishda haligacha ko‘plab kamchiliklar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida ham ko‘plab muammolar bor. Aksariyat madaniyat markazlari, istirohat bog‘lari va sport komplekslarining moddiy-texnik bazasi qoniqarsiz, to‘garaklar nomiga ishlayapti.

Yig‘ilishda bu muammolarni manzilli hal etish uchun har bir tuman va shahar kesimidagi ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Unga muvofiq, hokimning iqtisodiyot, investitsiyalar va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari – bandlik masalalariga;

soliq idorasi, savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari rahbarlari – yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilishga;

hokimning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga;

tuman prokurori, ichki ishlar va mudofaa bo‘limi boshliqlari – uyushmagan yoshlar bilan ishlash, jinoyatchilikni jilovlash, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga masʼul bo‘ladi.

Joriy yilda 500 ming nafar yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish zarurligi taʼkidlandi. Tuman va shaharlarda anʼanaviy yoki masofaviy o‘quv kurslarini ko‘paytirish, ishsiz yoshlarni ushbu tizim orqali kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitib, bandligini taʼminlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunar kollejlarini asbob-uskuna bilan taʼminlash, kasb standartlarini ishlab chiqish va o‘qituvchilar malakasini oshirish vazifalari belgilandi.

“Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida o‘g‘il-qizlarni tadbirkorlarga biriktirib, ularda biznes ko‘nikmalarini shakllantirish, imtiyozli kreditlar ajratib, o‘z faoliyatini boshlashga ko‘maklashish zarurligi aytildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga joylarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Yig‘ilish davom etmoqda.

Mavzuga oid

Bosh kotib Vladimir Norov ShHTning 2025 ...

Shu yil 10 iyul kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining 2025 yilgacha rivojlanish strategiya...

O‘zbekiston – Tailand diplomatik aloqala...

6-may – O‘zbekiston Respublikasi bilan Tailand Qirolligi o‘rtasida diplomatiya munosabatla...

O‘zbekiston - qardoshlik, do‘stlik va h...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlag...

So`nggi yangiliklar