Uz / Ўз Ru En

Toshkent

26/Yanvar/2021   Siyosat

O‘zbekiston Prezidenti mahallalardagi holatni o‘rganish, “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasini qo‘ydi


TOSHKENT, 26-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun joriy yilda barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilganidek, 2021 yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti kamida 5 foiz o‘sishi maqsad qilingan. Biroq, global iqtisodiyotdagi noaniqlik uzoq davom etishi mumkinligi iqtisodiy o‘sishning qo‘shimcha zaxiralarini topish va safarbar qilishni talab etmoqda.

Shu bois Prezidentimiz barcha darajadagi rahbarlarga o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi holatni o‘rganish, “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasini qo‘ymoqda.

Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish mexanizmi muhokama qilindi.

Iqtisodiy kompleks vakillarini mahallaga tushirib, vertikal tizimni, barcha organlar faoliyatini o‘zaro muvofiq yo‘lga qo‘yish kerakligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari bu tizimga jalb qilinadigan mutaxassislarning bilim va imkoniyati masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. 20 mingdan ortiq xodimni o‘qitib, ularga masalani joyida hal etish bo‘yicha barcha vakolatlarni berish muhimligi qayd etildi. 

Davlat boshqaruvi akademiyasiga mahalla raislari va mazkur tizimda ishtirok etadigan barcha xodimlar uchun o‘quvlar tashkil qilish, buning uchun maxsus dastur va qo‘llanmalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Har bir rahbarning mazkur tizimdagi shaxsiy masʼuliyati va javobgarligini belgilash, barcha jarayonlarga ko‘maklashuvchi onlayn elektron platforma yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Prezident kambag‘allikni qisqartirish masalasiga yana bir bor to‘xtalib, mutasaddilarga aholini tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish, bandligini taʼminlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi rahbarlari 2021 yilda har bir tarmoq va hudud kesimida iqtisodiy o‘sishning qo‘shimcha manbalari to‘g‘risida hisobоt berdi.

Yig‘ilishda ushbu rezervlarni to‘liq ishga solib, qo‘shimcha iqtisodiy o‘sishga erishish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash choralari ko‘rib chiqildi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli bo‘lishini taʼminlash, narx oshishiga taʼsir ko‘rsatadigan omillarning oldini olish masalalariga yana bir bor to‘xtalib o‘tildi.

Sanoatda ham qo‘shimcha rezervlar aniqlangan. Ayniqsa, asosiy “drayver” bo‘lgan kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, charm-poyabzal sohalarida “sanoat zanjirlari”ni uzaytirish kerakligi taʼkidlandi.

Shuningdek, yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish, xarajatlarni va boshqaruv tizimini optimallashtirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Xizmatlar sohasida ham ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Prezidentimiz ularni to‘liq safarbar etib, hududlarda servis shoxobchalarini ko‘paytirish, yangi zamonaviy xizmat turlarini kengaytirish zarurligini taʼkidladi. 2021-2023 yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturiga yoshlar keng jalb etilishi belgilandi.

Yig‘ilishda investitsiya loyihalari ijrosiga ham to‘xtalib o‘tildi. Joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida 1 ming 752 ta obyekt uchun qariyb 18 trillion so‘m byudjet mablag‘lari ajratilgan. Bu mablag‘lardan oqilona foydalanish, loyiha hujjatlarini puxta ishlab chiqish va qurilishlar sifatini taʼminlash bo‘yicha qatʼiy ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddilar iqtisodiy kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning o‘rta va quyi bo‘g‘inini mahallagacha tushirib, aholiga yaqinlashgan ish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalari bo‘yicha axborot berdi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar v...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan, Erkin Jalilovich Hamroyev O‘zbekisto...

O‘zbekiston diplomatlarini davlatimiznin...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi m...

O‘zbekiston Prezidenti Xorazm viloyatiga...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev islohotlarning mahallabay tizimda y...

So`nggi yangiliklar