31/May/2021 Prezident
TOSHKENT, 31-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov bugun o‘tkazilgan brifing davomida davlatimiz rahbarining 28 may kuni Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi tafsilotlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«Uchrashuv juda samarali bo‘ldi, - dedi matbuot kotibi. - Rossiya tomoni tibbiyot sohasida ilmiy va amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha davlatimiz rahbarining barcha takliflarini qo‘llab-quvvatladi. Jumladan, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, Toshkent shahrida Rossiyaning Pirogov nomidagi tibbiyot universiteti filialini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi».
Uchrashuvning yana bir muhim jihati: ikki mamlakat vazirliklari O‘zbekistonda onkologiya va gematologiyani, ayniqsa, bolalar onkogematologiyasini rivojlantirish, shuningdek, transplantologiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muloqot olib borayapti. Xususan, rossiyalik shifokorlarni yurtimizdagi klinikalarda doimiy asosda ishlashga jalb etish, o‘zimizning onkolog va gematologlarni Rossiyada malaka oshirishga yuborish choralari ko‘rilmoqda.
«Shu maqsadda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida tibbiyot sohasida hamkorlik bo‘yicha alohida attashe lavozimi joriy etiladi. U ikki mamlakat o‘rtasidagi qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishiga masʼul bo‘ladi», - deya qo‘shimcha qildi Sherzod Asadov.