Uz / Ўз Ru En

Toshkent

29/Dekabr/2020   Siyosat

O‘zbekiston Prezidenti: Murakkab pandemiya sharoiti biz bir-birimizga qanchalik bog‘liq va kerak ekanimizni yana bir bor yaqqol namoyon etdi


TOSHKENT, 29-dekabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasida mamlakatimizning tashqi siyosatini amalga oshirishdagi ustuvor vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi:

 — Birinchidan, O‘zbekiston olib borayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik maqsadlarimizdan kelib chiqqan holda, Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtiriladi.

Ikkinchidan, tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yana-da mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratamiz.

Murakkab pandemiya sharoiti biz bir-birimizga qanchalik bog‘liq va kerak ekanimizni yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Bu ijobiy jarayonlarni chuqur o‘rganish va yana-da rivojlantirish maqsadida joriy yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etildi.

Kelgusi yili Toshkentda mintaqamizning Janubiy Osiyo bilan munosabatlariga bag‘ishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

Shular qatorida Xiva shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” global anjumanini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Uchinchidan, asosiy xorijiy sheriklarimiz hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa qator davlatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yana-da kengaytiramiz.

Tashqi ishlar vaziri va uning o‘rinbosarlari hamda yurtimizning chet ellardagi elchilari mazkur davlatlar bilan yangi, yana-da samarali ish tizimini joriy etishlari zarur.

To‘rtinchidan, biz qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik o‘rnatilishiga qatʼiy ishonamiz va bu ezgu yo‘lda amaliy yordamni bundan keyin ham ayamaymiz.

Afg‘on muammosini hal etishga qaratilgan global saʼy-harakatlarga Toshkent Xalqaro konferensiyasi ham mustahkam poydevor yaratdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Hozirgi kunda Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan Trans-afg‘on transport yo‘lagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlarni tashladik. Bu loyihaning ro‘yobga chiqarilishi butun mintaqamizda barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni taʼminlashga beqiyos xizmat qiladi.

Beshinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirish masalalari doimo eʼtiborimiz markazida bo‘ladi.

Joriy yilda respublikamiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotiga raislik qildi va pandemiyaga qaramasdan, ko‘zda tutilgan 60 dan ziyod barcha xalqaro tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi, 70 ga yaqin muhim hujjatlar qabul qilindi.

2021-2022 yillarda O‘zbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilishi bo‘yicha ham jiddiy tayyorgarlikni boshladik.

Oltinchidan, inson huquqlarini taʼminlash, so‘z va diniy eʼtiqod erkinligi bo‘yicha erishayotgan yutuqlarimizni tegishli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil mustahkamlab boramiz.

Kelgusi yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Inson huquqlari bo‘yicha taʼlim” global forumi, Yoshlar huquqlariga bag‘ishlangan Butunjahon yoshlar anjumani, Diniy erkinlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy konferensiyalarni o‘tkazamiz.

Yettinchidan, dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash va ular bilan aloqalarimizni yana-da mustahkamlash maqsadida “Vatandoshlar” jamg‘armasini tuzishni taklif etaman.

Sakkizinchidan, jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqamiz.

Barchangizga maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan har yili 30 iyul Xalqaro do‘stlik kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu bois, ushbu sanani O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni” deb belgilashni taklif etaman.

To‘qqizinchidan, mintaqamizda, butun dunyoda ekologik vaziyatning tobora yomonlashib borayotgani bizni jiddiy tashvishga soladi.

Qo‘shni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar taʼsirini yumshatishga qaratilgan harakatlarni qatʼiy davom ettiramiz.

Dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar o‘rmon va butazorlar tashkil etilayotgani Orolbo‘yi hududlarida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish va obodonchilik ishlari xalqimizni yuksak marralar sari ruhlantirmoqda.

Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi doirasidagi amaliy ishlarni yana-da kuchaytiramiz.

Mavzuga oid

Olga Algayerova: Markaziy Osiyoda integr...

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyevaning Jenevaga tashrifi...

O‘zbekiston va Turkmaniston delegatsiyal...

Bugun, 23 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar, investitsiyalar va tashqi savd...

Ozarbayjondan munosabat: O‘zbekistonda b...

«Janubiy Kavkaz» siyosatshunoslar klubi (Ozarbayjon) rahbari Ilgar Valizoda AQSh Davlat de...

So`nggi yangiliklar