Uz / Ўз Ru En

Toshkent

01/Avgust/2020   Dolzarb

O‘zbekiston Prezidenti: Musa Yerniyazovning nomi va yorqin xotirasi bugun qayta tug‘ilmoqda, tarix sahifalariga abadiy muhrlanmoqda


TOSHKENT, 1-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukusda O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazov dafn marosimida ishtirok etdi va marhumning oila aʼzolariga, xalqimizga chuqur hamdardlik bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabarida keltirilishicha, davlatimiz rahbari Musa Yerniyazov qariyb 50 yillik faoliyati davomida ulkan rahbarlik qobiliyati, insoniy fazilatlari bilan hurmat qozongani, Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy salohiyatini oshirish, shahar va ovullarni obod qilish, aholi turmushini yaxshilash uchun o‘zini ayamay mehnat qilganini taʼkidladi.

- Qoraqalpoq zaminida, Orol halokati yuz bergan o‘lkada yashab mehnat qilish – bu haqiqiy matonat. Musa Yerniyazov ana shunday qahramon xalqning qahramon rahbari edi. U 18 yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi deb atalmish o‘ta masʼuliyatli va sharafli vazifada samarali faoliyat olib borgani buni yaqqol tasdiqlaydi, - dedi davlatimiz rahbari.

Taʼkidlanganidek, Musa Yerniyazov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari sifatida mamlakatimizning barcha hududlarini rivojlantirish uchun muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga katta hissa qo‘shdi.

- Alloh taolo Musa og‘ani mana shunday muborak Qurbon hayiti va juma kunlarida o‘z rahmatiga olganida ham bir xislat borligidan dalolat, deyish mumkin. Barchamiz uchun qadrli bu inson hayotda o‘zidan yaxshi nom, yaxshi iz va xotiralar qoldirdi. «Yurt uchun fido bo‘lish – o‘lim emas, aslida qayta tug‘ilish», deydi donolar. Musa Yerniyazovning nomi va yorqin xotirasi ham bugun qayta tug‘ilmoqda, tarix sahifalariga abadiy muhrlanmoqda, - deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining o‘rinbosari, Oliy Majlis Senati aʼzosi Sharap Usnatdinov, «Qoraqalpoq adabiyoti» gazetasi bosh muharriri, Oliy Majlis Senati aʼzosi Guliston Annaqlicheva, Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari, Oliy Majlis Senati aʼzosi Abatbay Daniyarov Musa Yerniyazovning el-yurt manfaati yo‘lidagi serqirra faoliyati, odamlarga yaxshiliklarini esga oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, Vazirlar Kengashi aʼzolari va keng jamoatchilik marhum xotirasiga hurmat bajo keltirib, surati tagiga gullar qo‘ydi.

O‘zbekiston Qahramoni, atoqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va fidoyi inson Musa Tajetdinovich Yerniyazovning xotirasi xalqimiz qalbida doim saqlanib qoladi.

Mavzuga oid

Yaponiyada kuchli yomg‘ir yog‘ishi natij...

Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, shanba kuni Yaponiyaning janu...

Shavkat Mirziyoyev: Ishimizga odamlarnin...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni Andijon viloyatiga keld...

Saudiya Arabistoni kompaniyasi bilan ene...

O'zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov "ACWA POWER" kompaniyasi boshq...

So`nggi yangiliklar